Navbahorlik Lolaxon Xoʻjayevaning ikki farzandi ham “metrika”siz ulgʻayishdi. Biri 24 ikkinchisi 21 yoshda. Navbahor tumani FHDYO boʻlimi mudirasi 
Halima Nurmatovaning taʼkidlashicha, bolalar biror marta hujjat olishmagan. Ularda na maktabni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi shahodatnoma, na fuqarolik pasporti bor. Chunki, tugʻilganlik haqidagi guvohnoma boʻlmasa hech birini olishning imkoni yoʻqda. Berilgan huquqiy va amaliy koʻmak bois, opa-ukalarning tugʻilganlik guvohnomalari fuqarolik sudining qarori orqali qonuniy hal etildi. Xoʻsh, oʻzi aslida nima boʻlgandi?

Ona 1996 va 1999-yillarda ikki bolasini ham uyida qoʻliga olgan. Tumanning olis choʻl hududida istiqomat qilgani bois tugʻruqxonaga borishga imkoni va sharoiti boʻlmagan. Ikki bola maktabni ham hujjatsiz tamomlagan. Behruzbekning taʼkidlashicha, maktabni tugatgach, hatto biror bir ishga ham hujjatsizligi tufayli kirolmagan. Maftuna esa yillar davomida familiyasini Ahmedova deb uylagan. Sud qaroriga koʻra, tiklangan nasl nasab esa ularga Xoʻjayev familiyasini berdi.

Yangi yil oldidan tugʻilganlik guvohnomalarini olgan opa-ukalarning quvonchi cheksiz. Ular yillar davomida hujjatsiz va nasl nasabini bilmagani uchun hech kimdan ranjimagan. Biroq, hujjatsiz yurishning huquqiy oqibatlarini tushunganlari aniq.

DXA Navoiy viloyati boshqarmasi axborot xizmati.