Yangi yoʻlovchi poyezdlar Oʻzbekistonga yoʻl olgan

    Transport 21 Iyul 2021 1066

    Maʼlumki, joriy yil iyul oyining boshlarida yangi, yuqori tezlikdagi harakat tarkiblari (2 ta lokomotiv va 11 ta vagon, shuningdek, alohida yana 4 ta vagon) yuk kemasiga ortilgan boʻlib, dastlab 4 000 km masofani kemada Ispaniyaning Bilbao shahridan Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrigacha yetkazilgan.

    “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ mutaxassislari rossiyalik hamkasblari bilan hamkorlikda mazkur zamonaviy poyezdni mamlakatimizga olib kelishga hozirladilar.

    Joriy yil 20-iyulda “Afrosiyob” poyezdi Sankt-Peterburg shahridan chiqib, 4 200 km masofani Rossiya Federatsiyasi va Qozogʻiston orqali bosib oʻtib Oʻzbekistonga yetib keladi.

    Eslatib oʻtamiz, bundan 10 yil ilgari, aniqrogʻi 2011-yilda yurtimizga birinchi yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” zamonaviy poyezdi olib kelingan edi. Yana sanoqli kunlardan soʻng mamlakatimizda bunday poyezdlar soni beshtaga yetadi.

    Shuningdek, yurtimiz Mustaqilligining 30 yilligi arafasida Toshkent metropoliteni uchun yangi metro poyezdlarining kelishi ham kutilyapti, deb xabar beradi “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ matbuot xizmati.