Tadbirning eng muhim yangiligi Milliy Geoaxborot tizimi portalining taqdimoti hamda Kadastr agentligining yangi imidji taqdimotlari bo'ldi.  Shu qatorda ishtirokchilarga, kadastr tizimidagi xalqaro tajriba va xalqaro loyihalarning samaradorligi, Sardobadagi talofatlar xaritasining yaratilish jarayoni, kadastr tizimida fuqarolar murojaatlari bilan qanday ish olib borilayotgani va dolzarb mavzulardagi taqdimotlarr namoyish etildi.

Agentlik direktori Halilillo To'raxo'jaev  sohada yil davomida olib borilgan faoliyat natijalari, Kadastr agentligining yangi qiyofasi, sifatli va korruptsiyadan holi xizmatlari ko'rsatishga yo'naltirilgan loyihalar xususida ma'lumot berdi. Shuningdek, soha vakillarini attestatsiyadan o'tkazish jarayoni va natijalar xususida ham aniq ma'lumotlar berildi.

Aytish joizki, Davlat kadastrlari yagona tizimidan foydalanishni nazorat qilish hamda aholiga interaktiv xizmat ko'rsatishga yo'naltirilgan  Milliy geografik axborot tizimi portalining ishga tushirilayotgani Kadastr agentligi amalga oshirayotgan yirik loyihalaridan biri bo'ldi. Anjuman doirasida ushbu geopartal haqida ham batafsil to'xtab o'tildi. Shuningdek, Qashqadaryo viloyatida olib borilgan xatlov natijalari, xalqaro loyihalarga bag'ishlangan ma'ruzalar ham slaydlar yordamida keng tushuntirildi.

eng muhimi, tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, yangi loyihalar xalqqa nima beradi, degan savollarga ham mutasaddilar, xususan, X.To'raxo'jaev tomonidan aniq javoblar berildi. Xususan, milliy geopartal yurtimizdagi ob'ektlar, bo'sh turgan erlar haqida shaffof ma'lumotlarni olish mumkin bo'lsa, davlat ro'yxatidan o'tkazilgan erlar ipoteka krediti uchun garov bo'la olishi ta'kidlandi.

Tadbir so'ngida “Har bir soliq to'lovchi uchun sifatli kadastr xizmatlari” mavzusida jurnalist va blogerlar orasida bo'lib o'tgan tanlov natijalari e'lon qilinib, 6 ta nominatsiya bo'yicha sovrindorlar tantanali taqdirlandi.