“Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan davlat siyosati Qizilqum bagʻridagi moʻjazgina Zafarobod qoʻrgʻonida ham oʻz ifodasini topib borayapti. Bugungi kunda qoʻrgʻoncha aholisining 80 foizini “Navoiyuran” DK ishchi-xodimlari hamda ularning oila aʼzolari tashkil etadi. Shu bois, korxona rahbariyati tomonidan Davlatimiz va Hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan hududni obod etish, aholining munosib turmush kechirishlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, bir soʻz bilan aytganda, yurtdoshlarimizning hayotdan rozi boʻlib yashashlarini taʼminlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan. Bu haqda qoʻrgʻondagi “Yoshlik” madaniyat va sport markazida tashkil etilgan “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan bayram shodiyonalari davomida ham taʼkidlandi.
«Zafarobod qoʻrgʻoni aholisi va yoshlarni zarur sharoitlar bilan taʼminlash maqsadida hududdagi 16 va 28-sonli umumtaʼlim maktablari uchun sunʼiy qoplamali zamonaviy stadionlar qurish ishlari boshlab yuborildi, — Mehnat faxriysi Xayrullo Oʻrinov. Bizning Zafarobod qoʻrgʻoni ahli soʻnggi yillarda juda katta oʻzgarishlarga guvoh boʻlmoqda. Buni mustaqilligimizning sharofati deb bemalol aytishimiz mumkin. Boisi, men shu yerda 46-yildan buyon istiqomat qilib kelayotgan boʻlsam, hali bunday katta islohotlar shohidi boʻlmagan edim. Bunday oʻzgarishlar yana qoʻrgʻoncha ichki yoʻllarini, piyodalar yoʻlakchalarini va koʻcha yoritish tizimlarini toʻliq yangilash, obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari boshlangan. Shuningdek, musiqali favvora, work out zonalari, turli xil bayram tadbirlari oʻtkazishga moʻljanlangan 500 oʻrinli amfiteatr qurilishi ham rejalashtirilgan. Aholini sifatli uy-joy bilan taʼminlash maqsadida, aholi ehtiyojlaridan kelib chiqib imtiyozli asosda kottedjlar qurilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, aholi uchun sifatli sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etish, birlamchi tibbiy sanitariya yordami, shoshilinch tibbiy yordam va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yaxshilash maqsadida zamonaviy reanimobil transport vositasini olib berish boʻyicha amaliy ishlar boshlangan».
Darhaqiqat, mustaqillik har bir yurtdoshimiz hayotiga yangicha mazmun, turmushiga farovonlik olib kirmoqda. Bu jarayon kun sayin yangi istiqbolli rejalar va amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi oʻlaroq xalqimiz hayotida ifoda topmoqda. Barcha sohada, xususan, sanoat sohasida qoʻlga kiritilayotgan muvaffaqiyatlar biz tanlab olgan taraqqiyot yoʻli naqadar toʻgʻri va ishonchli ekanligining amaliy tasdigʻi sifatida namoyon boʻlmoqda.
Keksa-yu yoshni bir davraga jam qilayotgan bu kabi madaniy-maʼrifiy tadbirlarda mustaqillik bergan ulugʻ neʼmat tinchlik va osoyishtalikning qadr-qimmati xususida fikrlar bildirildi.
“Navoiyuran” DKda oʻtkazilgan asosiy bayram tadbirida soʻz olganlar ham bu haqda taʼkidlab, soʻnggi yillarda yurtimizda boʻlayotgan oʻzgarishlar, korxonaning istiqboldagi loyihalariga toʻxtalib oʻtishdi. Shuningdek, joriy yilga moʻljallangan ishlab chiqarish koʻrstakichlari ortigʻi bilan uddalangani qayd etildi.
«Soʻnggi yillarda barcha sohalarda boʻlgani kabi, yurtimiz togʻ-kon sanoati va geologiyasi ham ilm va texnologiya jihatidan kuchaytirilmoqda. Buning natijasida qidiruv ishlarining qamrovi kengaydi, yerosti boyliklarining yangi zaxiralari aniqlandi. Ularga asoslanib, yirik korxonalar qurilmoqda, istiqbolli loyihalar ishlab chiqilmoqda. Birgina uran boʻyicha 27 ta yangi kon ochilib, barqaror xomashyo bazasi yaratilgani fikrimiz tasdigʻidir, — dedi korxona Bosh direktorining birinchi oʻrinbosari – bosh muhandis Anvar Saparov. — Joriy yilning yanvar avgust oylarida tayyor mahsulot ishlab chiqarish hajmi
6,9 trillion soʻm yoki prognozga nisbatan 112 foizni, oʻsish surʼati esa oʻtgan yilning mos davriga koʻra 116 foizni tashkil etdi. Tabiiy uran ishlab chiqarish prognoz koʻrsatkichi 114 foizga bajarildi hamda oʻsish surʼati 116 foizni tashkil etdi, burgʻilash ishlari 109 foizga bajarilib, oʻsish surʼati esa 125 foizni tashkil etdi. Eksport hajmi koʻrsatkichlari 173 foizga taʼminlandi va oʻsish surʼati 169 foizni tashkil etdi. Importni qisqartirishning maqsadli koʻrsatkichlari 19,4 million dollarga yoki prognozga nisbatan 101 foizga bajarildi hamda oʻsish surʼati 243 foizni tashkil etdi. Investitsiya dasturi doirasida 64,2 million dollarlik kapital qoʻyilmalar oʻzlashtirildi hamda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan oʻsish surʼati qariyb ikki barobarni tashkil etdi.
Mahalliylashtirish dasturidagi 18 ta loyiha doirasida 40,9 milliard soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, 102 foizga bajarildi va oʻsish surʼati 1,4 barobarga taʼminlandi».
Shodiyonalar davomida korxonada koʻp yillik fidokorona mehnati hamda bayram munosabati bilan korxona ishchi-xodimlaridan bir guruhiga Togʻ-kon sanoati va geologiya vaziri hamda korxona bosh direktorining Faxriy yorliqlari topshirildi. Shuningdek, II va III darajali “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni, “Navoiyuran faxriysi” unvonlari bilan taqdirlandilar.
“Men 25-yildan buyon «Navoiyuran” davlat korxonasi Uran ishlab chiqarish zavodida ishlab kelmoqdaman. Bemalol aytishim mumkinki, bu korxona, bu zavod men uchun katta tajriba, hayot maktabi boʻldi. – deydi Uran ishlab chiqarish zavodi texnologik laboratoriyasi kimyoviy tahlil laboranti Roʻziyeva Irodabonu. - Doimo ushbu kasbni tanlaganimdan faxrlanganman. Boisi, kimyoviy tahlil laboranti boʻlish insondan katta eʼtibor, ziyraklik va tajriba talab qiladi. Bugun eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz arafasida mehnatim jamoa oʻrtasida eʼtirof etilib, “Navoiyuran faxriysi” unvoni bilan taqdirlandim. Bu voqea men uchun quvonchli va sharafli, shu bilan birgalikda katta masʼuliyat hamdir. Bunday eʼtibor va eʼzozdan mamnunman. Bu, keyingi faoliyatimga yanada kuch-gʻayrat va shijoat bagʻishlaydi».
“Bugun men uchun juda quvonchli kun. Men uzoq yillardan buyon «Zafarobod” kon boshqarmasida ishlab kelmoqdaman. — deydi “Zafarobod” kon boshqarmasi 1-sonli GTK Transport uchastkasi dispetcheri Gulsin Sugiraliyeva. - Bayram arafasida 40-yillik mehnatlarimni yuqori baholab, II darajali “Konchilik shuhrati” koʻkrak nishoni bilan taqdirladilar. Buning uchun korxonamiz rahbariyatiga minnatdorchilik bildiraman. Bayram barchaga muborak boʻlsin!»
Boʻlib oʻtgan tadbirlarda “Navoiyuran” davlat korxonasi rahbariyati, sohada uzoq yillar samarali mehnat qilgan faxriylar, muhandis-texnik va ishchi-xodimlar va mahalla ahli ishtirok etdi.
Tantanalarning badiiy qismida sanʼatkorlar va badiiy jamoalarning Ona Vatan, tinchlik va istiqlolni madh etuvchi kuy-qoʻshiqlari bayramga yanada koʻtarinki ruh bagʻishlab, yigʻilganlarga yuqori kayfiyat ulashdi.
«Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!» shiori ostida oʻtkazilgan bayram tadbirlari korxonaning olis choʻl hududlarini ham qamrab oldi.
Korxonada har yili eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni arafasida arzonlashtirilgan oziq-ovqat va qishloq hoʻjaligi mahsulotlari savdo yarmarkasi oʻtkazib kelinadi. Joriy yil ham mazkur anʼanaga muvofiq, ana shunday pavilion tashkil etildi. Korxona oldidagi maydonda zamonaviy va bozor meʼyor talablariga javob beradigan toza va ozoda rastalarda terib qoʻyilgan turli noz-neʼmatlar, qishloq hoʻjaligi mahsulotlari — poliz va sabzavotlar, hoʻl mevalar, sut va goʻsht hamda tuxum va oziq-ovqat mahsulotlari keng assortimenti xaridorlarning talab va istaklaridan kelib chiqib olib kelindi.
«Korxona tizimida mustaqillik bayramini keng nishonlash maqsadida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. – deydi “Navoiyuran” davlat korxonasi 6-son Birlashgan kasaba uyushmasi Qoʻmitasi raisi Davrbek Temirov. – Bayram munosabati bilan kam taʼminlangan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, koʻp bolali oilalar hamda yolgʻiz pensionerlarning holidan xabar olindi. Ularga oziq-ovqat va oʻquv qurollari toʻplamlari tarqatildi, bayram dasturxonlari, turli sport musobaqalari, madaniy-maʼrifiy tadbirlar tashkil etildi. men oʻylaymanki, ushbu ishlarimiz ishchi-xodimlarimizning bayramni koʻtarinki kayfiyatda kutib olishlariga xizmat qiladi. Ayniqsa, korxona ishchi-xodimlari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, ularning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish hamda jamoaga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida tashkil etilgan yarmarka oʻzining hamyonbop va maqbul narxlari hamda mahsulotlar sifati bilan ajralib turdi. Bu qulaylik va tanlash imkoniyatining kengligi ishchi-xodimlarga manzur boʻldi».
Savdo yarmarkasida «NKMK Jamgʻarmasi« davlat muassasasi Ovqatlanish kombinati, «Doʻstlik« agrofirmasi hamda xususiy tadbirkorlar ishtirok etib, ona zaminimizda yetishtirilgan ellikdan ortiq turdagi turli mahsulotlarini xaridorlarga taklif etishdi.
Xalqimizning erki, gʻururi va iftixoriga aylangan eng qadrli va qimmatli bayramimiz boʻlgan Mustaqillik ayyomi munosabati bilan tashkil etilgan mazkur savdo yarmarkasi ishchi-xodimlarga qulaylik yaratish bilan birga, bayram arafasida narx-navolar moʻtadilligini taʼminlash va aholining turmush farovonligini yuksaltirishga xizmat qiladi.
“Navoiyuran” DK axborot PR xizmati
Reklama