Yangilanayotgan Oʻzbekistonning yangi avlodini shakllantirish konsepsiyasi

    Fikr 18 May 2021 1872

    Har qanday davlatning barqaror taraqqiyoti, muayyan yutuqlarga erishishi va xalqi farovonligi, avvalo, yoshlar taʼlim-tarbiyasi va kelajagiga eʼtibor darajasi bilan chambarchas bogʻliq. Aholisining salmoqli qismini yoshlar tashkil etadigan Oʻzbekiston uchun esa bu vazifa ikki karra muhim.

    Zero, bugungi yoshlar ertamizning egasi, yurtimizning strategik kuchi, xalqimizning oltin fondi, millatimizning yangi tafakkuridir. Shu maʼnoda, mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishi sifatida alohida ahamiyat qaratib kelinadi.

    Ayniqsa, soʻnggi toʻrt yil yurtimiz yoshlari hayotida tub burilish davri boʻldi, desak aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sifatida imzolagan birinchi qonun 2016-yil 14-sentyabrdagi “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonun ekanida ham ramziy maʼno bor. Qolaversa, oxirgi yillarda yosh avlodning bilim olishi, kasb-hunar egallashi, doimiy ish bilan taʼminlanishi, tadbirkorlik bilan shugʻullanishi, oʻz isteʼdodini namoyon etishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda.

    Oliy Majlis Senatida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qoʻmitasi, Qonunchilik palatasida Yoshlar masalalari boʻyicha komissiya, Oliy Majlisning har ikki palataci qoshida “Yoshlar parlament”i tashkil etilgani iqtidorli, intiluvchan yigit-qizlarning ijtimoiy-siyosiy jarayonlarda bevosita ishtirok etishi uchun keng imkoniyat yaratmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi, Yoshlar muammolarini oʻrganish va istiqbolli kadrlarni tayyorlash instituti, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi kabi institutsional tuzilmalar tashkil etilishi ular bilan bogʻliq soha va yoʻnalishlarda strategik yoʻnalishlarni belgilash, olib borilayotgan ishlarni tizimli yoʻlga qoʻyish imkonini bermoqda.

    Mamlakatimiz aholisining 18,9 million nafari yoki 54 foizi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va bolalar ekanini inobatga olsak, mazkur qatlam manfaatlarini hi moya qilish va kuzatilayotgan dolzarb masalalarning nazariy-amaliy yechimini topish gʻoyat muhim vazifa ekani ayon boʻladi.

    2019-yil 19-mart kuni davlatimiz rahbari tomonidan ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yoʻlga qoʻyish, yosh avlodga eʼtiborni yana-da kuchaytirish, ularni madaniyat, sanʼat, jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, axborot texnologiyalaridan foydalanish koʻnikmasini shakllantirish, yurtimiz yoshlari oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish, xotin-qizlar bandligini oshirish masalalariga alohida urgʻu berish maqsadida 5 ta muhim tashabbus ilgari surilgani yangi Oʻzbekistonni bunyod etishda yoshlar taʼlim-tarbiyasi boʻyicha yangi bosqichni boshlab berdi.

    Besh tashabbus nozik did, keng tafakkur va dunyoqarashga ega, jismonan va ruhan sogʻlom farzandlarimizning oʻz kelajagini ishonch bilan qurishi hamda Vatan ravnaqiga hissa qoʻsha oladigan yetuk inson boʻlib kamolga yetishi uchun mustahkam zamindir. Besh tashabbus yangilanayotgan Oʻzbekistonning yangi avlodini shakllantirish konsepsiyasi boʻlib xizmat qilmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi. Besh tashabbusni amalga oshirish negizida yoshlarni maʼnaviy, iqtisodiy, maʼrifiy “uygʻotish”, jamiyatda oʻz yechimini kutayotgan ijtimoiy “xastaliklar”ni “davolash” amaliyoti koʻzda tutilgan.

    Ushbu 5 tashabbus xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib, umumxalq harakatiga aylandi. Tashabbus dastlab Boʻka, Quyi Chirchiq va Uchtepa tumanlarida tajriba sifatida joriy etilib, yana 42 ta tuman (shahar)ning 168 ta olis va ogʻir ahvoldagi mahallalarida muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Shuningdek, Andijon, Qashqadaryo, Sirdaryo, Fargʻona viloyatlari va Toshkent shahrida yoshlarning startap loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan IT parklar bunyod etildi.

    Bugungi kunga qadar tashabbusning mamlakatimiz yoshlari hayotiga keng kirib borishini taʼminlashga qaratilgan qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan:

    Birinchi tashabbus boʻyicha yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va sanʼatning boshqa turlariga qiziqishini oshirish boʻyicha yurtimizdagi 826 ta madaniyat markazida 4522 ta toʻgarak faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga 1762 ta musiqa jihozi yetkazib berildi. Toʻgaraklarga 52965 nafar yosh jalb qilindi. Umumtaʼlim maktablarida tasviriy sanʼat va musiqa yoʻnalishidagi 36503 ta toʻgarakka 1,1 million nafar (18 foiz) oʻquvchi-yosh jalb qilindi. 10 mingdan ortiq musiqa jihozlari yetkazib berildi.

    Ikkinchi tashabbus doirasida yoshlarni jismoniy chiniqtirish va ularning sport sohasidagi qobiliyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit yaratish boʻyicha 51651 ta sport inshootida 100 mingdan ortiq sport toʻgaraklari tashkil etilib, ularga 1,5 million nafar yosh qamrab olindi. Umumtaʼlim maktablarida 10 ta sport turi boʻyicha 49196 ta sport toʻgaragi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, 1,2 million nafar oʻquvchi muntazam shugʻullanib kelmoqda.

    Shuningdek, 254 ta Bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga 328 875 nafar, sport tur lariga ixtisoslashtirilgan 54 ta bolalar va oʻsmirlar sport maktabiga 33 438 nafar oʻquvchi-yosh jalb qilindi. Sport inshootlari, Bolalar va oʻsmirlar sport maktablari hamda umumtaʼlim maktablariga umumiy qiymati 25 milliard soʻmlik sport jihozlari, inventarlar va kiyimlar yetkazib berildi.

    Uchinchi tashabbus boʻyicha kompyuter texnologiyalari va internetdan foydalanishni tashkil etish maqsadida 107 ta “Raqamli texnologiyalar oʻquv markazi” faoliyati yoʻlga qoʻyilgani ham yoshlarimiz uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Shuningdek, “Bir million dasturchi” kabi oʻnlab yirik loyihalar amalga oshirilmoqda. Hozirgi kunda umumtaʼlim maktablarida 14940 ta kompyuter sinflari mavjud boʻlib, ularda Axborot texnologiyalari yoʻnalishida 14 765 ta toʻgarak tashkil etilgan va 510 ming nafarga yaqin (8 foiz) oʻquvchi jalb qilingan.

    Toʻrtinchi tashabbus boʻyicha yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish boʻyicha ham koʻplab ishlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda faoliyat olib borayotgan 201 ta axborot-kutubxona markazida 16,3 million kitob fondi mavjud boʻlib, aʼzolari soni 1,2 million nafar. Hududlardagi axborot-kutubxona markazlariga 400 million soʻmlik jami 150 mingdan ortiq kitoblar yetkazib berildi.

    Namangan viloyatida “Nodirabegim” nomidagi axborot-kutubxona markazini kapital taʼmirlash va obodonlashtirish uchun 2 milliard soʻm, Fargʻona viloyati, Quvasoy shahri, Quva va Yozyovon tumanlari axborotkutubxona markazlari uchun 245 million soʻm mablagʻ ajratildi.

    Umumtaʼlim maktablari kutubxonalarida 18,6 million nusxa adabiyot fondi mavjud boʻlib, aʼzolari soni 4,1 million nafar. 14488 ta kitobxonlik klubi faoliyati yoʻlga qoʻyilib, ularga 582 ming nafardan ortiq oʻquvchi jalb qilindi.

    Yoshlar madaniyatini yuksaltirish, ular orasida kitobxonlikni keng targʻib qilish maqsadida “Kitobxon yoshlar”, “Eng faol kitobxon”, “Tez oʻqish”, “Kitob mening doʻstim”, “Yosh kitobxon”, “Yosh ijodkorlar”, “Kitobxon oila”, “Yosh bilimdonlar”, “Qodiriylar”, “Bilimdon yulduzlar”, “Kichik faylasuflar”, “Bilimdon” nomli loyiha va tanlovlar amalga oshirildi. Jumladan, “Maʼrifat karvoni” tadbirlari doirasida yoshlarga 3 milliondan ortiq kitob yetkazib berildi. “Yoshlar kutubxonasi” rukni ostida 59 nomdagi 590 ming dona badiiy adabiyot chop etilib, barcha taʼlim muassasalari kutubxonalariga tarqatildi.

    Beshinchi tashabbus doirasida xotin-qizlarning kasb koʻnikmasini mustahkamlash, hayotda munosib oʻrin egallashi, ularni doimiy ish bilan band qilish maqsadida 75 ta tumanda 111 ta tikuv-trikotaj ishlab chiqarish korxonasi tashkil etildi. Ularga jami 35 ming nafar ayol ishga joylashtirildi. Xotin-qizlar bandligini taʼminlash ishlarini tizimli tashkil etish yoʻnalishida oʻtgan davr mobaynida 170 mingga yaqin ish oʻrni yaratildi. Tijorat banklari hamda Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlari hisobidan 172 mingdan ortiq xotin-qizga 4,9 trillion soʻm kreditlar ajratildi.

    2020-yilda 76,2 milliard soʻm imtiyozli mablagʻlar evaziga 76198 nafar xotin-qiz ish bilan taʼminlandi. Shuningdek, 15 935 nafar xotin-qiz kasb-hunarga oʻrgatildi. Yurtimizning barcha hududlarida Xotinqizlar tadbirkorlik markazlari tashkil etildi.

    2021-yilning mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” deb eʼlon qilinishi, bu yoʻnalishda Davlat dasturi qabul qilingani yoshlar uchun yana-da keng imkoniyatlar eshigini ochdi. Ayni paytda besh tashabbus doirasida amalga oshirilayotgan ishlar davomiyligini taʼminlash uchun ham xizmat qilmoqda.

    Prezidentimiz raisligida joriy yil 27-yanvar, 10-fevral va 13-aprel kunlari boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishlarida yoshlar bandligini taʼminlash va ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish borasidagi muhim vazifalar belgilab berilishi yoshlar masalasi doimiy eʼtiborda ekanidan dalolatdir.

    Afsuski, joylarda hali-hamon 5 tashabbus mohiyatini chuqur anglab yetmagan, yoshlar muammolariga bepisand munosabatda boʻlayotgan, iqtidorli yoshlar taqdiriga beeʼtibor qarayotgan mutasaddilar oz boʻlsada, uchrab turibdi.

    Muxtasar aytganda, besh tashabbus yosh avlod ongiga zamonaviylik ruhini singdirish, ularni yaratuvchanlikning yangi yoʻnalishlariga boshlashda asosiy omil vazifasini bajarmoqda. Hozirgi Oʻzbekiston siyosati yoshlarning ayni oʻziga xosligini toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirish, ezgu maqsadni qatʼiy qoʻygan holda unga intilish va imkoniyatlardan samarali foydalanishni koʻzda tutadi. Yaratilgan barcha imtiyoz va imkoniyatlardan faqat faol, tashabbuskor, iqtidorli yoshlar emas, barcha yoshlar teng foydalanishi zarur. Zero, bugun kamol topayotgan yoshlar yillar oʻtib davlatimizning ertangi taraqqiyotini, xalqaro maydondagi oʻrnini belgilashda yetakchi kuchga aylanishi, shubhasiz.

    Eldor TULYAKOV,

    “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori