Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spiker o'rinbosari Ulug'bek Inoyatov Namangan viloyati YAngiqo'rg'on tumanidagi chegara hududda joylashgan “Mamay” va “Olmazor” MFYlarda bo'lib fuqarolar bilan suhbatlashdi.  Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati xabar berdi.

“Obod qishloq” dasturiga kiritilgan mazkur mahallalar aholisi bilan o'tkazilgan uchrashuvlarda dastur doirasida bajariladigan ishlar haqida ma'lumot berildi. Jumladan, “Mamay” va “Olmazor” mahallalarida 14,1 milliard so'mlik qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshiriladi. Birgina “Mamay” MFY hududida joylashgan 32- umumiy o'rta ta'lim maktabini mukammal ta'mirlashga 3 milliard 18 million so'm sarflash ko'zda tutilgan. SHuningdek, 1 milliard 200 million so'm mablag' evaziga mahalladagi 17-maktabgacha ta'lim muassasasi mukammal ta'mirlansa, “Mamay” qishloq vrachlik punkti (QVP)ni ta'mirlash uchun 500 million so'm ajratilishi belgilangan.

Dasturda 900 ta xonadondan iborat 4856 nafar aholi istiqomat qiladigan ushbu mahallalarda ichimlik suvi, elektr, gaz ta'minotini yaxshilash, ichki yo'llarni ta'mirlash chora-tadbirlari ham belgilangan. Misol uchun, “Mamay” va “Olmazor” mahallalari hududida 16,8 km. yangi ichimlik suvi tarmog'i barpo etiladi, 3 ta suv inshooti ta'mirlanadi. Bundan tashqari, ko'cha chiroqlari o'rnatish, piyodalar yo'laklari qurish, aloqa, irrigatsiya tarmoqlarini ta'mirlash, manzarali ko'chat ekish ham rejalashtirilgan bo'lib, bularning barchasi aholi uchun qulayliklar yaratishga xizmat qiladi.

Dastur doirasida ushbu mahallalardagi 550 ta xonadon 2 milliard 750 million so'm mablag' evaziga ta'mirlab beriladi. 20 ta xonadonga yangi uy-joy qurish uchun har biriga 240 million so'mdan jami 4 milliard 80 million so'm miqdorida ipoteka krediti ajratiladi. Hududda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta'minlash maqsadida 1 milliard so'm mablag' evaziga savdo va boshqa turdagi xizmatlar ko'rsatishga mo'ljallangan jami 8 ta ob'ekt quriladi.

Uchrashuvda dasturga kiritilgan barcha loyihalar bekamu ko'st bajarilishi, ajratilgan mablag'lar maqsadli sarflanishi tuman kengashi deputatlarining doimiy nazoratida bo'lishi lozimligi ta'kidlandi.