Dillarga quvonch ulashgan marafon

    Sport 27 Mart 2022 2067

    Bugun poytaxtimizda 2019-yildan beri anʼanaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Navro‘z” IV xalqaro marafoni hamda ilk marotaba Shanxay Hamkorlik Tashkiloti yarim marafoni bo‘lib o‘tdi. Ushbu sport bayrami O‘zbekiston Respublikasi Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi, Toshkent shahar hokimligi hamda Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida tashkil etildi.

    SHHT xalqaro yarim marafoni darajasidagi nufuzli musobaqa yurtimizda ilk bor tashkil etilishi. Ushbu marafon AIMS xalqaro tuzilmasining "A" tasnifidagi sertifikatsiyasiga ega. Bu SHHT yarim marafonida qatnashadigan professional sportchilarning ishtiroki, marafon trassasi, uning o‘tish jarayoni va natijalari xalqaro ekspertlar tomonidan baholab borilishini anglatadi. Mazkur nufuzli musobaqani Xalqaro yengil atletika federatsiyasi hamda AIMSning texnik ekspertlari Ilya Mixaylovskiy va Adrianus Stevenslar baholab borishdi.

    Marafon bahslarida turli yo‘nalishlarda qatnashish uchun jami 2 200 nafardan ziyod kishi ro‘yxatda o‘tishgan edi. Bugun esa ular ro‘yxatdan o‘tolmagan, ammo yugurishga ishtiyoqmand ko‘plab insonlar ham qo‘shildi va umumiy hisobda ushbu xalqaro marafonda 2 yarim ming nafardan ziyod insonlar qatnashdi.

    Ishtirokchilarning 100 nafardan ziyodini professional sportchilar tashkil etgan bo‘lishsa, qolgani havaskor va marafonga qiziquvchilardan iborat edi. Shuningdek, marafonda bir qator xorijiy davlat diplomatlari, chet ellik mehmonlar, sanʼatkorlar bilan bir qatorda sport sohasining taniqli namoyondalari va yulduzlari, jumladan, Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti Otabek Umarov, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari, O‘FA raisining birinchi o‘rinbosari Ravshan Ermatov, Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Bahodir Jalolov, Ulug‘bek Rashitov, MMA yulduzi Mahmud Murodov va boshqalar, qolaversa yugurish bilan shug‘ullanayotgan faxriylar ham qatnashdi.

    Marafon bahslarini boshqarib borish uchun respublikamizning eng tajribali 80 nafar hakami jalb etildi. Shuningdek, hakamlarga marafon davomida 230 nafar ko‘ngillilar yordam berib borishdi.

    Toshkent xalqaro marafoni boshlanishi oldidan o‘tkazilgan rasmiy ochilish marosimida Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov so‘zga chiqib, ushbu marafonning ahamiyati, qolaversa yugurishning inson salomatligini mustahkamlashdagi o‘rniga to‘xtalib o‘tdi hamda barcha ishtirokchilarga bo‘lajak musobaqalarda omad tiladi.

    Taʼkidlash kerak, ushbu xalqaro marafon nafaqat professional sportchilar, balki o‘z sog‘lig‘i uchun qayg‘uradigan barcha yoshdagi yugurish ishqibozlarini bir maqsad atrofida birlashtirib, O‘zbekistondagi eng yirik va muhim sport tadbirlaridan biriga aylandi.

    Bu yilgi marafon bahslari bir nechta distansiyada tashkil etildi. Ishtirokchilar klassik marafon (42 km 195 m.), yarim marafon (21 km 97,5 m), 10 km, ekiden (jamoaviy estafeta) hamda 3 km masofada o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazishdi.

    Quyida g‘olib va sovrindorlar bilan tanishing:

    Marafon (42 km 195 m)

    Erkaklar:

    1. Ilya Tyapkin (Qirg‘iziston) – 2:21,42

    2. Zakirillo Mamatqulov (O‘zbekiston, Farg‘ona) – 2:22,05

    3. Vladislav Mamedov (O‘zbekiston, Toshkent vil.) – 2:23,18

    Ayollar:

    1. Gulshanoy Sattorova (Qirg‘iziston) – 2:34,50

    2. Yekaterina Tunguskova (O‘zbekiston) – 2:39,28

    3. Tamilla Kuchkarova (O‘zbekiston) – 3:11,23

    Yarim marafon

    Erkaklar:

    1. Nursultan Keneshbekov (Qirg‘iziston) – 1:04,28

    2. Shohrux Davlatov (O‘zbekiston, Surxondaryo) – 1:04,40

    3. Otabek Toshquvvatov (O‘zbekiston, Samarqand) – 1:07,58

    Ayollar:

    1. Aziza Mirzaakbarova (O‘zbekiston, Andijon) – 1:15,20

    2. Mariya Korobiskaya (Qirg‘iziston) – 1:16,47

    3. Sitora Qurbonova (O‘zbekiston, Farg‘ona) – 1:24,43

    10 km masofaga yugurish

    Erkaklar:

    1. Bekzod Boymatov (Surxondaryo) – 35:03

    2. Otabek Fayzullayev (Surxondaryo) – 35:47

    3. Azizbek Nasimov (Samarqand) – 36:26

    Ayollar:

    1. Dilnoza Usmonova (Andijon) – 43:29

    2. Go‘zal Muhammadvaliyeva (Namangan) – 44:22

    3. Farida To‘lqinbekova (Andijon) – 44:53

    Eslatib o‘tamiz, marafon bahslarida erkaklar va ayollar o‘rtasida 1-5-o‘rinlarni egallagan ishtirokchilar pul mukofotiga sazovor bo‘lishdi. Jumladan, 1-o‘rin sohibi 30 million so‘m miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.

    10 km masofaga o‘tkazilgan poygada erkaklar va ayollar o‘rtasida 1-3 o‘rinlarni egallaganlar esa mos ravishda 3 million (1-o‘rin), 2 million (2-o‘rin) hamda 1 million (3-o‘rin) so‘m miqdoridagi pul mukofotini qo‘lga kiritishdi.

    Shuningdek, marafon masofasini belgilangan vaqt ichida bosib o‘tgan ishtirokchilar marra medaliga sazovor bo‘lishdi.

    Bir so‘z bilan aytganda, poytaxtimizda o‘tkazilgan SHHT xalqaro yarim marafoni hamda “Navro‘z” IV xalqaro marafoni nafaqat ishtirokchilar, balki mehmonlarga ham xush kayfiyat ulashib, dillarga surur bag‘ishladi.