Tahlilda bozor segmentlaridagi oʻzgarishlar, jumladan elektromobillar bozoridagi tendensiyalar ham qamrab olingan.

Markaz maʼlumotlariga koʻra, yanvar oyida mahalliy ishlab chiqarilgan va import qilingan yangi yengil avtomobillar savdosi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foizga oʻsib, 28,6 ming donani tashkil etdi. Hududlar kesimida eng yuqori bozor faolligi Buxoro, Qashqadaryo, Fargʻona va Surxondaryo viloyatlarida qayd etildi. Shu bilan birga, yangi yengil avtomobillar sotuvi Samarqand va Xorazm viloyatlarida, shuningdek Toshkent shahrida kamaygan.

Segmentlar boʻyicha tahlilda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosi oʻtgan yil yanvar oyiga nisbatan 11 foizdan ortiq oʻsib, 24 ming dondan ziyodni tashkil etgani taʼkidlandi. Ayni paytda xorijiy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar realizatsiyasi qariyb 4,4 ming donani tashkil etib, oʻtgan yil yanvar oyiga nisbatan 10 foizga kamaygan.

Elektromobillar segmenti esa bozor oʻsishining asosiy drayveriga aylangani qayd etildi. Yanvar oyida elektromobillar savdosi 9 foizga oshib, 6,1 ming donani tashkil etdi. Hududiy kesimda sotuvlarning asosiy qismi Toshkent shahri hissasiga toʻgʻri kelib, poytaxtda 3,7 mingta elektromobil sotilgan — bu jami hajmning 62 foizdan ortigʻini tashkil qiladi.

Keyingi oʻrinlarda Samarqand (3,5 barobar), Namangan (2,4 barobar), Surxondaryo (5 barobar) hamda Xorazm (3 barobar) viloyatlarida elektromobil savdosi sezilarli oʻsgan. Shuningdek, elektromobillarning birlamchi bozori rekord darajada 45,3 foizga oʻsib, 4,7 mingta elektromobilni tashkil etgani maʼlum qilindi.