Yaponiya bilan madaniy-gumanitar hamkorlik yanada rivojlanadi

    Xalqaro hamkorlik 20 Oktabr 2021 1055

    Oʻzbekistonning Yaponiyadagi elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov “Japan Foundation” tashkiloti prezidenti Umemoto Kazuyosi, boshqarma direktorlari Kodzima Xiroyuki va Kodzima Sato bilan uchrashuv oʻtkazdi.

    Suhbat chogʻida kelgusi yilda ikki mamlakatda diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligini keng nishonlanishi qayd etilib, qator madaniy tadbirlarni tashkil etish masalasi muhokama qilindi. Xususan, Oʻzbekistonda “Yaponiya kinosi kunlari”ni oʻtkazish, yapon badiiy va hujjatli filmlarini Oʻzbekiston telekanallarida namoyish etish, Toshkent xalqaro kinofestivaliga yapon kinosi taniqli arboblarini va Xalqaro anʼanaviy amaliy sanʼat festivaliga yapon ustalarini yuborish, shuningdek, koʻrgazmalar, choy marosimi, ikebana sanʼati boʻyicha mahorat darslari va boshqa anjumanlarni uyushtirish boʻyicha fikr almashildi.

    Yaponshunoslik va yapon tilini oʻrganish sohasidagi hamkorlikka ham alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston taʼlim muassasalarida yapon tilini oʻrganishni kengaytirish, yapon tili oʻqituvchilari kasb mahoratini oshirish, yaponshunos olimlar uchun treninglar tashkil etish boʻyicha hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi.

    Shuningdek, Oʻzbekiston va Yaponiya yoshlar tashkilotlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish, yoshlarning taʼlim salohiyatini oshirish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratish kabi masalalar ham uchrashuv diqqat markazida boʻldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.