Intervyu boshida ishtirokchilar Oʻzbekiston va Yaponiyaning tarixiy bogʻliqligi, jumladan, yaqin doʻstlik rishtalariga toʻxtalib oʻtdi. Elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov soʻnggi 30 yil davomida ikki davlat yuqori darajadagi ishonch oʻrnatishga, ikki tomonlama hamkorlikning zarur mexanizmlarini yaratishga, xalqaro maydonda yaqindan hamkorlik va oʻzaro qoʻllab-quvatlashni yoʻlga qoʻyishga erishganini taʼkidladi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019-yil dekabr oyida Yaponiyaga birinchi rasmiy tashrifi ikki tomonlama munosabatlarda unutilmas tarixiy voqea boʻlgani, siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikni yanada jadal rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratganiga alohida urgʻu berildi.

Yaponiyaning Toshkentdagi sobiq elchisi Fumixiko Kato yurtimizdagi faoliyati haqida toʻxtalib, Oʻzbekistonda oilaviy qadriyatlar asrab avaylanishi, noyob mahalla instituti mavjudligi haqida soʻzladi. Jumladan, mahalla instituti jamiyatda tinchlik-totuvlik, oʻzaro hurmat, mehr-oqibat va hamjihatlik muhitini mustahkamlash, milliy urf-odat va qadriyatlarni asrab-avaylash, oilalar jipsliligini taʼminlash, sogʻlom va barkamol avlodni tarbiyalash, aholining kundalik muammolarini hal etish kabi masalalar bilan shugʻullanishi unda katta taassurot qoldirganini bildirdi.

Shuningdek, oʻzbekistonliklarning mehmondustligi, mehmonlarga koʻrsatiladigan yuksak hurmat, mamlakat aholisining 60 foizga yaqinini yoshlar tashkil qilishi, ularning aksariyati iqtidorli va ilmga chanqoqligi haqidagi fikrlarini izhor qildi.

Suhbat ishtirokchilari, shuningdek, Oʻzbekistondagi bugungi ekologik holat va dolzarb masalalar haqida soʻzlab, iqlim oʻzgarishi va ekologik masalalar mamlakatga ham oʻz salbiy taʼsirini koʻrsatayotganligi, xususan bu jarayonlar Markaziy Osiyoda dunyoning boshqa koʻplab mintaqalariga qaraganda ancha jadal kechayotganligini taʼkidladi.

Oʻzbekiston hukumati tomonidan qurgʻoqchilik va suv tanqisligiga qarshi kurashish, Orol fojiasi oqibatlarini yumshatish va Orolboʻyi hududini rivojlantirish borasida izchil harakatlar amalga oshirilayotganligi maʼlum qilindi.

Yaponiya koʻp yillardan buyon Oʻzbekistonning atrof muhitni himoya qilish yoʻnalishidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlayotgani va koʻplab ekologik muammolarga yechim topishda koʻmak berayotgani qayd etildi.

Jumladan, joriy yil oktyabr oyida Toshkent shahrida Iqtisodiy hamkorlik boʻyicha Oʻzbekiston-Yaponiya va Yaponiya-Oʻzbekiston qoʻmitalarining 16-yigʻilishi boʻlib oʻtib, uning doirasida Hukumatlararo iki tomonlama kreditlash mexanizmini joriy qilish boʻyicha Hamkorlik memorandumi imzolanganligi hamda ushbu mexanizm orqali Oʻzbekiston hukumati Yaponiya hukumati bilan issiqxona gazlari emissiyalarini kamaytirishga qaratilgan hamkorlik orqali Milliy miqyosda belgilangan hissalarga (NDC - Nationally Determined Contributions) erishishga intilishi, shuningdek dekarbonizatsiyaga qaratilgan saʼy-harakatlarni amalga oshirishi bildirildi.

Fumixiko Kato Oʻzbekistonda diplomatik vakolatxona rahbari boʻlgan payti yurtimizda atrof-muhit muammolarini hal etishga koʻmaklashishga katta eʼtibor qaratgani, jumladan ekologik jihatdan zararsiz boʻlgan gidroelektr stansiyalarni va uzoq hududlarga suv yetkazish uchun yuqori sifatli nasos stansiyalarini barpo etish uchun Yaponiya hkumatining yordami jalb qilinganligini taʼkidlab oʻtdi.

OISCA prezidenti Esuko Nakano tashkilot tomonidan koʻp yillardan buyon ichki Mongoliyaning choʻl zonalarini koʻkalamzorlashtirish loyihasini amalga oshirish orqali saksovul va sistanxe kabi choʻl oʻsimliklarini oʻstirish boʻyicha boy tajriba ortirilganini taʼkidlab oʻtib, 2015-yildan boshlab bunday loyihani Orol dengizining qurigan zonalarida ham tadbiq qilish loyihasi ustida ishlanilayotganligini maʼlum qildi.

Shu bilan birga, tomonlarning asosiy suhbat mavzusi Orol dengizidagi ekologik muammo haqida boʻldi. Elchi Muhsinxoʻja Abdurahmonov tomonidan ushbu muammoning kelib chiqish tarixi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Jumladan, Orol dengizi ekologik fojiasi yerlarning degradatsiyasi va choʻllanishi, ichimlik suvi yetishmasligi, toʻyib ovqatlanmaslik, mahalliy aholi salomatligi va turmush sharoitining ogʻirlashishi kabi salbiy oqibatlarga olib kelganligi taʼkidlandi.

Shuningdek, soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda Orol halokati oqibatlarini minimallashtirish va iqlim oʻzgarishining salbiy oqibatlarini kamaytirish boʻyicha bir qator uzoq muddatli kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligi, jumladan, 2018-yilda Turkmanistonda oʻn yillik tanaffusdan soʻng Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining yigʻilishi boʻlib oʻtgani va shu yili Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan BMTning Orolboʻyi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi boʻyicha koʻp tomonlama sheriklik trast jamgʻarmasi tashkil qilingani taʼkidlandi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyov tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 2021-yil 18-may kuni “Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisida”gi maxsus rezolyutsiyasi qabul qilingani va ushbu rezolyutsiyaga dunyoning 60 ga yaqin davlati, jumladan, Yaponiya hammualliflik qilgani qayd etildi.

Fumixiko Kato Yaponiya hukumati Orolboʻyidagi ekologik muammolarni hal etishda koʻmak berib kelayotgani, jumladan, Orol dengizi mintaqasida mahalliy hamjamiyatning ekologik va iqtisodiy zaiflikka chidamliligini oshirish, shuningdek, aholi salomatligi va inson salohiyatini yaxshilashga qaratilgan xalqaro tashkilotlar, xususan Jahon banki orqali moliyalashtirayotganligini bildirdi.

OISCA prezidenti Esuko Nakano joriy yil noyabr oyida OISCA tashkiloti tomonidan 10 yil davomida Orol dengizining qurigan hududining 40 ming gektar maydonini koʻkalamzorlashtirish loyihasiga start berilishi rejalashtirilganini mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtdi va mazkur loyiha Orolboʻyidagi ekologik vaziyat va aholi farovonligini yaxshilashga koʻmaklashishiga umid bildirdi.

Tomonlar xulosa oʻrnida Orol muammosining yechimi hukumatlar va xususiy sektor vakillarining birgalikdagi saʼy-harakatlarini talab qilishi, mintaqadagi ekologik halokat koʻlami yildan-yilga ortib borayotganligini inobatga olib, Orolboʻyidagi ekologik vaziyatni yaxshilash uchun har qanday yordam dolzarb ekanligini taʼkidladi.

Mazkur intervyu OISCA jurnalining dekabr oyi sonida chop etilishi rejalashtirilgan.

Maʼlumot uchun, OISCA (The Organization for Industrial, Spiritual and Cultural Advancement) nodavlat xalqaro tashkilot boʻlib, u 1961-yilda Tokio shahrida tashkil qilingan.

OISCAning asosiy maqsadi ekologik, ijtimoiy, madaniy va iqtisodiy jihatdan insoniyat rivojiga xizmat qilishga qaratilgan. Ushbu maqsadlarda tashkilot tomonidan yoshlar salohiyatini oshirish, ekologik taʼlim berish, qishloqlarni rivojlantirish, oʻrmonlar va dengiz resurslarini saqlash va tiklash boʻyicha loyiha va dasturlar amalga oshiriladi. Bugungi kunga qadar dunyoning 41 dan ortiq mamlakatlarida 20 ga yaqin shunday dasturlar amalga oshirilgan.

Hozirda tashkilotga 1 ming 500 ga yaqin yuridik shaxs va 3 mingga yaqin jismoniy shaxs aʼzo boʻlgan, dunyoning turli nuqtalarida 200 ga yaqin boʻlimlari mavjud.