Yaponiyada kuchli qor yog'moqda, bir necha metr balandlikdagi qor uyumlari, baxtsiz hodisalar tez-tez qayd etilmoqda.
Hozirning o'zida 46 kishi halok bo'ldi, 558 kishi jarohat oldi. OAV ma'lumotlariga ko'ra, ayrim odamlarning jasadlari qor ostida bir necha kun davomida qolib ketgan, chunki ularni o'z vaqtida topish imkoni bo'lmagan.
Yaponiya rasmiylarining ma'lumotiga ko'ra, ko'plab fojiali holatlar binolar tomlaridan tushgan qalin qor odamlarni bosib qolishi oqibatida sodir bo'lgan. Shuningdek, jabr ko'rgan hududlarda uylarning qulab tushgani haqida ham ma'lumotlar bor.
Yanvar oyi oxiridan beri Yaponiyaning shimoliy qismida misli ko'rilmagan qor yog'yapti. Ko'pgina hududlarda qor yog'ishi to'xtamadi. Aomori va Ajigasava kabi shaharlarda bu qishda qor qoplamining balandligi bir metrdan oshdi. Ba'zi tumanlarda qor qalinligi to'rt yarim metrga yetdi.
Aomori gubernatori Soichiro Miyashita shahar hukumati ko'chalar, uylar va temir yo'l izlarini qordan tozalashda qiynalayotganini aytdi va fevral oyi boshida Yaponiya harbiylaridan yordam so'radi. Hozirda askarlar qor tozalash ishlarida yordam berishyapti, eng avvalo qariyalar va yolg'iz yashovchilarga yordam berilyapti, deb xabar berdi oz.inform.kz.