Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Yaponiyada vaqtincha mehnat faoliyatini olib borayotgan hamda oliy oʻquv yurtlarida taʼlim olayotgan vatandoshlar ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Oʻzbekiston elchisi Muhsinxoʻja Abdurahmonov ishtirokchilarga Oʻzbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik jarayoni hamda unda ishtirok etayotgan siyosiy partiyalar toʻgʻrisida maʼlumot berdi.
Vatandoshlarga saylovda ishtirok etish boʻyicha konstitutsion huquq va majburiyatlar tushuntirildi. Elchixonada ovoz berish uchun saylov qonunchiligi talablari toʻla javob beradigan saylov uchastkasi tashkil qilingani aytib oʻtildi.
Ushbu muhim siyosiy tadbirga tayyorgarlik jarayoni, saylov toʻgʻrisida ishonchli va tezkor axborot bilan Oʻzbekiston Markaziy saylov komissiyasi va elchixona veb-saytlarida tanishib borish mumkinligi maʼlum qilindi.
Brifingda, shuningdek, Oʻzbekistonda soʻnggi yillarda amalga oshirilayotgan siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy sohadagi oʻzgarishlar, davlat tomonidan barcha sohalarda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlar yuzasidan maʼlumot berildi.
Vatandoshlar Oʻzbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirildi.