Yaponiyadagi vatandoshlarning targʻiboti mahalliy xalqning Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqishini kuchaytirmoqda

    Turizm 22 Iyul 2020 2005

    Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlikda Oʻzbekistonning turizm salohiyati, shu jumladan tarixi, madaniyati va urf-odatlarini xorij fuqarolari orasida targʻib qilish, mamlakatimizni chet ellarda yana-da koʻproq tanitishga doir qator loyihalar amalga oshirilmoqda.

    Jumladan, 2010-yildan buyon Yaponiyaning Fukuoka prefekturasida istiqomat qilayotgan vatandoshimiz Kamalova Mahbuba ham boshlangʻich va oʻrta maktablar, litsey va oliy taʼlim markazlarida taʼlim oluvchi yaponiyalik yoshlarga Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati, turizm salohiyati, urf-odatlari va milliy qadriyatlari haqida saboq beradi.

    Fukuoka xalqaro almashinuv markazida oʻqituvchi boʻlib faoliyat olib boruvchi Mahbuba Kamalova oʻzining mehnatsevarligi va ishiga boʻlgan sadoqati orqali yaponiyaliklar orasida alohida hurmat va eʼtibor qozongan. Bu galgi taqdimotlar davomida ham yapon yoshlariga oʻzbek milliy taomlarini tayyorlash, milliy liboslar taqdimoti va mamlakatimizning qadimiy shaharlari toʻgʻrisida axborot berilib, mamlakatimiz turizm salohiyati targʻib qilindi.

    Yaponiya yoshlari tomonidan Oʻzbekistonga boʻlgan qiziqish kun sayin ortib borayotganini ushbu darslarda ishtirok etayotgan yoshlar sonining tobora oshib borayotganidan ham koʻrish mumkin. Vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishning ahamiyati va dolzarbligi oshib borayotgan bir paytda, ular bilan samarali hamkorlikni rivojlantirish hamda vatandoshlarimizning Oʻzbekiston madaniy, ilmiy va maʼnaviy merosini keng targʻib qilish borasidagi faoliyatlarini qoʻllab-quvvatlash muhim ahamiyat kasb etadi.