Toshkent shahrining Chilonzor tumani Davlat xizmatlari markazi faoliyati, Markazda joriy etilgan davlat xizmatlari, xususan elektron raqamli imzo kalitini olish hamda tadbirkorlikni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi bilan tanishish maqsadida tadbirkorlardan iborat Yaponiya delegatsiyasi aʼzolari tashrif buyurdi.

Tashrif chogʻida, Davlat xizmatlari markazi masʼul xodimlari tomonidan soʻnggi yillarda yurtimizda davlat xizmatlari koʻrsatish milliy tizimini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish yoʻli bilan aholiga qulay va shaffof xizmatlar taqdim etilayotganligi xususida batafsil maʼlumot berildi.

Mehmonlar tomonidan ayniqsa, aksariyat davlat xizmatlaridan masofadan turib foydalanish imkoni yaratilganligi, tizimda innovatsion texnologiyalar keng qoʻllanilayotganligi, bu esa oʻz navbatida, mamlakatning investitsion jozibadorligiga ijobiy taʼsir qilishi eʼtirof etildi, deb xabar beradi Davlat xizmatlari agentligi matbuot xizmati.