Yaqin kunlarda Oʻzbekiston hududiga kirib kelishi kutilayotgan sovuqdan ekinlarni qanday asrash mumkin?

    Qishloq xoʻjalarigi vazirligi mutaxassilari bu boʻyicha muhim tavsiyalarni berdi.

    “Oʻzgidromet” xabariga koʻra, ertaga, 16-fevral kunidan yurtimiz hududiga sovuq va nam havo massalari kirib kelishi va ayrim hududlarda harorat keskin tushishi kutilmoqda.

    Qishloq xoʻjaligi vazirligi qishloq xoʻjaligi ekinlarini sovuqdan asrash boʻyicha tavsiya va maslahatlarini berdi:

    1. Oʻrab qoʻyish:

    Iloji boʻlsa, daraxtlar va oʻsimliklarni sovuq urishi va qordan himoya qilish uchun maxsus materiallar (mato, plyonka, kraft-qogʻoz, spanbond) bilan yopish tavsiya etiladi.

    Bu gullaydigan kurtaklarni qisqa muddatli qattiq sovuqdan saqlab qolishga yordam beradi;

    2. Ozuqa moddalari bilan sugʻorish:

    Sovuq havo massasi kirib kelishidan oldin daraxtlar yetarli darajada namlik va ozuqa olgan boʻlishiga ishonch hosil qilish.

    Odatda suvga va foydali moddalarga toʻyingan daraxtlar past haroratlarga koʻproq chidamliroq;

    3. Mulchalash:

    Ekinlar ildiz zonasini maxsus ozuqa moddalar bilan qoplash tuproqdagi issiqlik va namlikni saqlab qolishga yordam beradi, bu esa ildizlarni sovuqdan himoya qiladi;

    4. Shikastlangan shoxlarni kesib tashlash:

    Qor ogʻirligi ostida baʼzi shoxlarni sinishi yoki sovuq urishi xavfini kamaytirish uchun qurib qolgan yoki shikastlangan novdalarni kesib tashlash mumkin. Soʻng, kesilgan joyni mis sulfatning suvli eritmasi (1 litr suv uchun 1 choy qoshiq modda) bilan ishlov berish mumkin;

    5. Shamoldan himoya qilish:

    Imkoniyat boʻlsa, daraxtlar va oʻsimliklar atrofida vaqtinchalik shamol toʻsiqlarini yaratish. Bu toʻsiqlar ekinlarni yelvizaklardan asrashga yordam beradi.