Farmonga koʻra:
Yarashuv institutini qoʻllash mexanizmi takomillashtirilmoqda.
Shaxsga nisbatan tergov davrida eʼlon qilingan ayblov, jinoyat ishi sudning qaysi instansiyasida koʻrilayotganligidan qatʼi nazar yarashuv instituti doirasiga tushadigan yengilroq moddaga qayta malakalangan hollarda yarashuv institutini qoʻllash imkoniyati yaratilmoqda.
Ushlangan shaxsning huquqlari poymol boʻlishining oldini olish maqsadida:
- ushlab turish muddatini jinoyat sodir etishda gumon qilinayotgan shaxs huquqni muhofaza qiluvchi organga keltirilgan vaqtdan boshlab emas, balki shaxs haqiqatda ushlangan vaqtdan boshlab hisoblash;
- shaxs amalda ushlangan paytdan boshlab, tegishli mansabdor shaxs u bilan bogʻliq surishtiruv va tergov harakatlarini oʻtkazishdan oldin himoyachi bilan xoli uchrashuvni taʼminlashi shartligi haqidagi qoida nazarda tutilmoqda.
Oʻta ogʻir jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxslarga oid jinoyat ishi boʻyicha, shuningdek qamoqqa olish yoki uy qamogʻi tarzidagi ehtiyot chorasini qoʻllash holatlarida himoyachining ishtirok etishi shartligi belgilandi.
Agar ushlangan ayblanuvchining yaqin qarindoshlarini protsess ishtirokchisi sifatida jalb qilish uchun asoslar mavjud boʻlmasa, ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarga chaqirish va soʻroq qilish taqiqlandi.
Aybiga iqrorlik boʻyicha kelishuv instituti kiritilmoqda.
Unga koʻra, ayrim toifadagi jinoyatlar boʻyicha shaxs aybini boʻyniga olish toʻgʻrisida arz qilgan, qilmishiga chin koʻngildan pushaymon boʻlgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan, shuningdek, keltirilgan zararni bartaraf etgan taqdirda unga nisbatan qonunda belgilangan eng koʻp jazoning yarmidan koʻp boʻlmagan miqdori va (yoki) muddatigacha jazo tayinlanadi.
Toshkent shahar prokuraturasi tergov boʻlinmalari va Ichki ishlar bosh boshqarmasi tergov boshqarmalari zamonaviy kriminalistik uskunalar bilan jihozlangan avtotransport vositalari, protsessual harakatlarni audio va videoga qayd etish tizimlari hamda stenografiya qilish uskunalari bilan taʼminlanadi.
Shu bilan birga, tergov harakatlarini videokonferensaloqa rejimida oʻtkazish amaliyotini yoʻlga qoʻyish uchun jazoni ijro etish muassasalari va tergov hibsxonalarini texnik vositalar va uskunalar bilan toʻliq jihozlash choralari koʻriladi.