— 2019-yili ijtimoiy tarmoqlar orqali “Bir million oʻzbek dasturchisi” loyihasi haqida oʻqib qoldim. Aynan axborot texnologiyalari sohasida oʻqiyotganim sabab mazkur loyihada ishtirok etish istagi tugʻildi hamda loyihaning dastlabki ishtirokchilaridan boʻldim, — deydi Dilmurod. — Yoshligimdan qiziqqanim uchun Android dasturlash kursini tanladim. Maktabda oʻqigan paytimda Pascal va C++ dasturlash tillaridan bir oz xabarim bor edi.
Lekin keyin bildimki, bilimim bu kurs oldida dengizdan tomchi ekan. Oʻzim uchun oʻrganishning oson yoʻllarini izlay boshladim. Nihoyat, kurs bitiruvchilari oʻrtasida tashkil etiladigan Nanodegree kursida ishtirok etish, buning uchun esa oʻz mobil ilovamni yaratishga qaror qildim.
Yaratgan ilovalarimni doʻstlarim, sinfdoshlarim hamda yaqin qarindoshlarim orasida targʻib qildim. Ijtimoiy tarmoqlarda ham ulashib turdim. Omad kulib boqib, Nanodegree loyihasida oʻqish uchun grant mablagʻni qoʻlga kiritdim. Aynan bu yangilik hayotimdagi eng unutilmas voqea boʻldi. 6-7 oylik oʻqish natijasida xalqaro darajadagi Android dasturchi maqomini olib, Udacity sertifikati sohibiga aylandim.
Faoliyatim davomida juda koʻp, jumladan, Megamiya, Meros, Super Donor, ARMOBILE kabi loyihalar ustida ishladim. Bular orasida Super Donor loyihasi qon donorlari uchun ijtimoiy tarmoq sifatida eʼtirof etilib, yevropaliklar nazariga tushdi hamda Britaniya kengashi tomonidan moliyalashtirildi. Shuningdek, London Metropoliten universitetining startaplarni rivojlantirish boʻyicha mashhur 4 oylik kursida bepul oʻqish imkoniyatiga ega boʻldim.
Dilmurod 2021-yilda “Yil talabasi” tanlovining respublika bosqichi gʻolibi boʻldi. Shuningdek, u Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sohibi.