Kislorodni eng ko'p iste'mol qiluvchilar ham aynan sanoat korxonalari va transport vositalari hisoblanadi. Bu vositalar havoning optimal tarkibini buzadi, undagi haroratning keskin oshishiga sabab bo'ladi.

Havoni tabiiy ravishda tozalaydigan yagona vosita — bu yashil daraxtzorlardir. Fotosintez jarayonida bir gektar yashil daraxtzor ajratadigan kislorod 200 kishining bemalol nafas olishi uchun etarli bo'ladi. Shu bilan birga, ushbu jarayonda o'simlik har soatda 8 kilogrammgacha uglekislota gazini yutadi. Boshqacha qilib aytganda, shahar havosining optimal miqdorda saqlanib turishi uchun har bir odam boshiga 50 kvadrat metr yashil daraxtzor bo'lishi lozim.

Shu bilan birga, shaharlardagi radiatsion haroratni pasaytirishda yashil daraxtlarning ahamiyati katta. Havo namligi ham yilning quruq faslida, daraxtlar atrofida ochiq joydagiga nisbatan 4-7 foizga yuqori, sernam fasllarda esa ancha past, chunki issiqlik tufayli barglarda transpiratsiya kuchayadi, havodagi namlik ko'p bo'lganda barglar uni o'zlashtiradi.

Yashil daraxtzorlar o'zlari orqali o'tadigan shamol tezligini 3 martaga pasaytiradi. Shamol kuchaygani sari ularning pasayish koefitsenti shuncha yuqori bo'ladi. Bu esa, o'sha hududdagi chang-to'zonlarning atrofga tarqalishining oldini oladi.

O'zbekistonda aholi yashaydigan manzillarning aksariyatida yoz oylari havoda chang miqdori ko'p bo'ladi. Bunda, boshqa tabiiy omillar bilan bir qatorda sanoat korxonalarining ko'payishi, avtomobillar sonining keskin oshib borishi ham atmosfera havosi tarkibidagi zararli gazlar va chiqindilar miqdorini me'yordan ancha oshib ketishiga olib kelmoqda. Ko'kalamzorlashtirish talablari to'liq bajarilganda, uning yordamida havoni changdan imkon qadar yaxshi tozalash mumkin.

Yashil daraxtzorlarning havoni tozalash bo'yicha samaradorligi ularni muhandislik kommunikatsiyalariga mos holda va o'simliklarning bioekologik hususiyatlarini e'tiborga olib joylashtirish bilan bog'liq.

Sanitariya maqsadida yashil daraxtzorlar barpo etilayotganda hududning shamol rejimi va uning xarakteri, atmosferaga tashlanayotgan chiqindilarning miqdori, er sathidan balandligi, kimyoviy va fizikaviy tarkibini e'tiborga olish lozim.

Daraxtlarni ekishda, shox-shabbasi katta, uning barglari osilib turadigan (emanning barcha turlari, qayrag'och, tutlar, katal`pa, qatrang'ilar, qora yong'oq, oq terak, chinor, jiyda) daraxt turlari changlarni yaxshi tutib qoladi va yutadi. Ularda hatto zararli kimyoviy birikmalarni, ayniqsa uglevorodordlarni yutish va qayta ishlash imkoniyati mavjud.

Qor kam bo'lgan qishda va erta bahorda ham aholi yashaydigan manzillarda changning miqdori yuqori bo'ladi. Yaproqlar o'z bargini tashlagan bu paytda ushbu vazifani ninabarglilar bajaradi.

Yashil daraxtzorlar o'zining sanitariya-gigienik vazifasini to'liq bajarishi uchun yetarli kattalikdagi massivlar tashkil qilinishi hamda o'simliklarning atrof-muhitga bo'lgan tabiiy talablardan kelib chiqib yaratilishi zarur.

Daraxtlarni joylashtirishda ularning ekologik va biologik xususiyatlari: yorug'lik, tuproq va namlikka talabi, makon va zamonda daraxtlarning bir-biriga o'zaro ta'siri e'tiborga olinishi kerak.

Muhimi, daraxtlar o'zaro zich bo'lmasligi, aks holda kislorod ajratib chiqarish xususiyati susayadi. Yorug'lik yetarli bo'lgandagina o'simlikda fotosintez jarayoni jadal kechadi va natijada zararli gazlarni yaxshi yutadi hamda ko'p kislorod ajratib chiqaradi. Daraxtlarni ekishda ularning orasidagi masofa 5-6 metrdan kam bo'lmasligi lozim.

Hurmatli fuqarolarimizdan, yurtimizda joriy yil 1 mart sanasidan boshlab e'lon qilingan, “Yashil yillikumummilliy loyihasi doirasida bo'lib o'tadigan ko'chat ekish tadbirilarida faol qatnashib, yuqoridagi tavsiyalarga amal qilishlarini so'rab qolamiz!

 

Davlat ekologiya qo'mitasi

Atmosfera havosini muhofaza

qilish boshqarmasi