“Yashil” davlat xaridlarini qoʻllab-quvvatlash tizimi takomillashtiriladi

    Moliya 18 Iyun 2025 1076

    “Yashil” davlat xaridlarini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi Hukumat qarori (371-son, 18.06.2025-y.) qabul qilindi.

    Qarorga koʻra, davlat xaridlarini amalga oshirishda “yashil” davlat xaridlari tizimi joriy etiladi hamda “yashil” davlat xaridlari ulushi 2030-yilgacha bosqichma-bosqich 30 foizga yetkaziladi.

    2026-yil 1-yanvardan davlat xaridlarini amalga oshirishda ekologik mezonlar eng yaxshi takliflarni tanlash va tenderlardagi xarid qilish hujjatlariga majburiy tartibda kiritiladi.

    Bunda:

    • ekologik markirovkalash hujjatining har bir turi uchun toʻplangan ballarning 5 foizi miqdorida qoʻshimcha ball beriladi;
    • ishtirokchi taklifining ushbu mezonlarga mos kelmasligi ishtirokchini xarid qilish tartib-taomilidan chetlatish uchun asos boʻlmaydi.

    Bundan tashqari, davlat buyurtmachilarining 2026-yil uchun davlat xaridi bilan bogʻliq xarajatlarda “yashil” davlat xaridlari ulushini kamida 15 foizga yetkazishi, ushbu koʻrsatkichni har yili kamida 5 foizga oshirib borish boʻyicha choralar koʻrishi belgilandi.