Albatta, koronivirus pandemiyasiga  qarshi kurashishda barcha birgalikda harakat qilsa,  insoniyat boshiga tushgan bu tashvish ortda qolib, sinovli kunlardan keyin yaxshi kunlar ham kelishi aniq. Dunyo ahli yana qaynoq voqeliklarga va safaru sarguzashtlarga boy hayot tarziga qaytishiga yaqin qoldi. YUrtimizda dam olish mavsumi ham boshlanmoqda. Darhaqiqat, karantin choralari yumshatilsa, ko'pchilik tog'lar bag'riga, dam olish maskanlariga oshiqishi tabiiy. 

Toshkent viloyati tabiati turizmni rivojlantirishga har tomonlama qulay va ko'plab  imkoniyatlar mavjud. Joriy yilda ham bir necha  yangi loyihalar amaliyotga tatbiq etilyapti. Sohani taraqqiy ettirish, viloyatga keluvchilar oqimini ko'paytirish, ularga qulay shart-sharoitlar yaratish hamda mahalliy aholi daromadini oshirish maqsadida bir qator turistik maskanlar barpo etishga qo'l urilgan. 

 Ana shunday loyihalar sirasiga O'rta CHirchiq  tumanidagi Toshkent dengizi bo'yida sayyohlar uchun  bunyod etilayotgan  dam olish maskanini kiritish mumkin. 500 o'ringa mo'ljallangan ushbu obe'ktda 4 ta mehmon uylari bilan birga, restoran, plyaj, basseyn foydalanishga topshirilish arafasida. YAqin kunlarda bu erda nafaqat xorijiy, balki mahalliy sayyohlar uchun ham sohil bo'yida hordiq chiqarish imkoniyati paydo bo'ladi. 

–    Bundan bir yarim yil oldin mehmon uylari qurishga kirishdik, – deydi tadbirkor Jahongir ermatov. – Ilgari bu er tashlandiq holatda edi. Xorijlik hamkorlarimiz 600 ming AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritishdi. Mana, hozir deyarli barcha binolarimiz taxt qilib qo'yilgan. Karantin bo'lib, ishlarimiz biroz cho'zildi. Ayni paytda esa xonalarni jihozlash yumushlari ham nihoyasiga etmoqda. Uzog'i bilan 10-15 kundan keyin ish boshlasak bo'ladi.

Bugungi kunda turizm industriyasi mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik sektoriga aylangan. Ma'lumki, dunyoda sayyohlik yildan-yilga rivojlanib bormoqda. Ma'lumotlarga ko'ra, dunyoda yiliga sayyohlar oqimi 5 foizga ortib, sohaning jahon yalpi ichki mahsulotidagi ulushi 10 foizdan ko'proqni tashkil etmoqda. Ishga layoqatli aholining esa 8 foizi ushbu yo'nalishda ish bilan band. 

Bo'stonliq tumaning Oqtosh qishlog'ida ham umumiy qiymati 30 milliard so'mni tashkil qiluvchi turistik obe'kt bunyod etilyapti. e'tiborli jihati shundaki, yilning to'rt faslida ham faoliyat ko'rsatishi ko'zda tutilgan majmua 130 xonadan iborat. 330 o'ringa mo'ljallangan dam olish maskani 100 nafardan ziyod kishini ish bilan ta'minlaydi. Ahamiyatlisi, tadbirkor sohaning ertangi kuniga katta ishonch bilan qarab, qurilish ishlarini  qisqa muddatda yakunlashga intilyapti.

– Mehmonxonamiz dengiz sathidan 1450 metr balandlikda joylashgan, – deydi tadbirkor Saidazim YUnusxo'jaev. – Tanlagan joyimizning havosi va sharoiti dam oluvchilar uchun juda qulay. Bugungi kunda qurilish ishlari nihoyasiga etdi, xonalarni jihozlash ham yakunlanmoqda.  Ishchi-xizmatchilar asosan mahalliy aholi vakillaridan jalb etiladi Mehmonxonada 250 kishiga mo'ljallangan konferentsiya o'tkazadigan zal ham mavjud bo'lib, dam oluvchilarga turli tadbirlar uyushtirish uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Majmuamiz xorijlik sayyohlar bilan birga, ichki turizmga ham mo'ljallangan. 

Viloyat turizm infratuzilmasi, jumladan, oilaviy mehmon uylari tarmog'ini rivojlantirish borasida ko'rilayotgan chora-tadbirlar sayyohlar oqimining sezilarli darajada oshishiga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda turizmning ko'plab tarmoqlarini tashkil etish hamda yanada taraqqiy ettirish uchun imkoniyatlar etarli. Xususan, mehmon uylari tashkil etish asnosida oilaviy tadbirkorlik rivojlanib, aholining ish bilan ta'minlanayotganligi fikrimizning dalilidir.