“Yashil makon” umummilliy loyihasi davlatimiz rahbarining “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilyapti.

Qayd etilganidek, respublikada 2021-yil kuz faslida 85 milliondan ortiq daraxtlar ekilgan boʻlib, joriy yil bahorda 105 million dona daraxtlar ekilishi rejalashtirilgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida hududlarda “yashil bogʻlar” va “yashil jamoat parklari” tashkil etish, xiyobonlarda, yoʻllar va koʻchalar chetida, ariqlar hamda boshqa irrigatsiya inshootlari boʻylarida, mahallalar hududlarida, koʻp qavatli uylar oraligʻida, tashkilotlar hududlarida, shuningdek, aholining shaxsiy tomorqalarida daraxtlar va butalarni ekish orqali amalga oshirilyapti.

Bunda har bir hududning oʻziga xos xususiyatlaridan va oʻtgan davr mobaynida toʻplangan tajribalardan kelib chiqib, Xorazm viloyati hokimligi bilan hamkorlikda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxtlar ekish, ularni parvarish qilish hamda zararkunandalardan himoya qilish tizimini yaratish boʻyicha Xorazm tajribasi Konsepsiyasi” loyihasi ishlab chiqildi.

Taʼkidlanganidek, Konsepsiyada viloyatda loyihani amalga oshirishning maqsad va vazifalari, hududning oʻziga xos xususiyatlari va mavjud muammolar, koʻchat yetishtirish, ekish, parvarishlash, muhofaza qilish, shuningdek, yashil maydonlarni kengaytirishga oid kompleks tadbirlar hamda olib borilayotgan ishlar ustidan taʼsirchan nazoratni amalga oshirish masalalari aks ettirilgan.

Shuningdek daraxt koʻchatlarini ekish va ularni parvarish qilish boʻyicha manzilli dastur va “Yashil makon” elektron platformasi ishlab chiqiladi.

2022-yilning bahor faslida viloyat hududida 9 million 56 ming dona manzarali va mevali daraxtlar koʻchatlari hamda qalamchalari ekiladi. Shuningdek, Urganch va Xiva shaharlarini choʻl hududidan keladigan qum va tuzning taʼsiridan saqlash maqsadida “yashil qalqon” tashkil etiladi hamda 2022-2024-yillarda viloyat hududida 124 gektar maydonda 13 ta “yashil bogʻlar” hamda 144 gektar maydonda 25 ta “yashil jamoat parklari” barpo etiladi.

Bundan tashqari umumfoydalanishdagi yoʻllar boʻylariga, qishloq xoʻjaligi yerlarida daraxtlar ekilib, ihotazorlar tashkil etiladi.

Kelgusi yillar uchun viloyatning iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirish maqsadida 3 ta koʻchatxona (madaniy, choʻl va qirgʻoqboʻyi hududlari uchun), viloyat hokimligi huzurida Agrologistik markaz tashkil etish rejalashtirilgan.

Tadbirda “Yashil makon” umummilliy loyihasining mazmun-mohiyatini keng targʻib qilinishi, aksiyalarda jamoatchilik ishtiroki taʼminlanib, aholi oʻrtasida targʻibot tadbirlari amalga oshirilishi koʻzda tutilgan.

“Yashil makon” umummilliy loyihasini “Xorazm tajribasi” sifatida amalga oshirish boʻyicha Oliy Majlis Senati, qolaversa keng jamoatchilik tomonidan doimiy nazorat olib borilishi alohida qayd etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.