Mutaxassislarning aytishicha, har bir xonadonda oʻrtacha 200 kilogramm pista yetishtirilganda ham viloyat boʻyicha 12 ming tonna hosil olinib, daromad 960 milliard soʻm (viloyatning qariyb bir choraklik daromadiga teng) olinishi kutilmoqda. Bu bir xonadonga 16 million soʻm kirim boʻladi, degani.
Istiqboli bormi?
Umuman, pistachilik serdaromad soha xisoblanib, sharqda u “Hayot daraxti” deb atalsa, boshqa koʻpgina mamlakatlarda “Yashil oltin” deb nomlashadi. Ayniqsa, fors mamlakatlarida pistani boylik va moʻl-koʻllik ramzi sanashadi.
Uning mevasiga jahon bozorida talab yuqori boʻlib, bir kilogramm pista oʻrtacha 80-200 ming soʻmgacha sotilmoqda. Xandon pista yuqori diyetik mahsulot boʻlib, magʻzida 49 foizdan 60 foizgacha moy, 15-20 foiz oqsil, 3-8 foiz qand va boshqa mikroelementlar mavjud. Shu bois, respublikamizga oʻziga bir yilda 100 million dollarlik pista import qilinadi.
Pista kelib chiqishi va geoekologik xususiyatiga koʻra, qurgʻoqchilikda va yuqori haroratda oʻsishga moslashgan. Unga dengiz sathidan 500-1200 metr balandlik, oʻrtacha yogʻingarchilik miqdori 300-400 mm boʻlgan yerlar qulay hisoblanadi. Yoz va qish oylarida havo harorati +46°S darajadan -40°S darajagacha oʻzgargan ekstremal sharoitda oʻsib-rivojlana oladi.
Mamlakatimizda samarasiz foydalanilayotgan lalmi hamda togʻoldi hududlarda boʻsh turgan yerlarda pistachilikni rivojlantirish orqali aholi daromadini oshirish boʻyicha katta imkoniyatlar mavjud. Xususan, Samarqandda dengiz sathidan 500-1200 metr balandlikda 120 ming gektar xondon pista yetishtirish uchun qulay yer maydoni mavjud.
Plantatsiyalar boʻladi
Davlat rahbarining viloyatga tashrifi chogʻida ushbu masalaga ham alohida eʼtibor qaratildi. Shu asosda pista ekish uchun mos 120 ming gektar yer maydonining 80 ming gektarida pista plantatsiyalarini barpo etish boʻyicha choralari koʻrilmoqda.
Bu maydonlarga 22,4 million tup koʻchat ekiladi va yillik yalpi hosil 56 ming tonnani tashkil etib, 3,9 trillion soʻm daromad olinadi. Bunda sof foyda 1,1 trillion soʻmni tashkil etishi kutilmoqda. Eng muhimi, shu orqali 320 ming ishchi oʻrin yaratiladi.
Tajriba bormi?
Aslida pistachilik viloyat uchun butkul yangi soha emas. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda Past Dargʻom tumanidagi “Oʻgʻil ona” fermer xoʻjaligida 204 gektar, Urgut tumanidagi “Madina lazzati uzumzorlari” fermer xoʻjaligida 40 gektar pistazor barpo qilingan. Joriy yil kuzda Past Dargʻom tumanidagi “Charos agro uzum” MCHJda 313 gektar, Nurobod tumanidagi “Qurbonoy ona” fermer xoʻjaligida 50 gektar maydonda xandon pista koʻchatlari ekilish rejalashtirilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, qurgʻoqchil avtomobil yoʻl yoqalariga 1,5 million dona pista ekish choralari koʻrilyapti. Birgina shu orqali 3,6 ming tonna hosil va 262,5 milliard soʻm daromad olinishi kutilyapti.
Solishtirib koʻring!
Odatda 1 gektar pistazor tashkil etish uchun 6x6 sxemada 280 dona koʻchat ekiladi. Yillik hosildorlik gektarida 0,7 tonnani tashkil etadi. Chunki pistaning bir tupidan 7-yildan 2-3, 10-yilda 10 kilogramm xandon pista yigʻib olinadi. Bunda 7-yildan gektaridan 49 million, 10-yildan boshlab 100 million soʻm yillik daromad olish mumkin.
Ayni paytda 1 gektar lalmi gʻalladan 2,1 million soʻm (pistaga qaraganda 23-marta kam), 1 gektar suvli maydondagi paxtadan 40 sentner hosil olinganda 33,2 million soʻm (pistaga qaraganda 5,8 million soʻm kam) daromadga ega boʻlish mumkin.
Bundan tashqari, 1 gektar yerdagi suvli gʻalladan 60 sentner hosildorlik bilan 18 million (pistaga qaraganda 31 million soʻm kam), 1 gektar suvli maydondagi makkajoʻxoridan 100 sentnerdan hosil olinganda 40 million (pistaga qaraganda 9 million) soʻm kam daromad qilinadi.
Mutaxassislarning aytishicha, ushbu hisob-kitoblar pistaning birinchi yilgi xarajatlari bilan qoʻshib olingan. Pista toʻliq hosilga kirganda koʻrsatkichlar 3-5-marta yuqori boʻladi va asosiysi, pista daraxtlari 1000-yilgacha meva berarkan.









