Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston–2030 strategiyasini Atrof-muhitni asrash va yashil iqtisodiyot yilida amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida”gi farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qoʻyildi.

Loyihaga koʻra, 2025-yil 1-sentabrdan boshlab tadbirkorlik subyektlarini “yashil tadbirkor” sifatida eʼtirof etishga qaratilgan platforma ishga tushirilishi koʻzda tutilmoqda.

Jumladan:

  • koʻkalamzorlashtirish, jumladan, korxonani “yashil belbogʻ” bilan oʻrash, sugʻorish tizimlarini oʻrnatish, tomchilatish, yomgʻirlatish va konteynerli (qopli) sugʻorish tizimini joriy qilish;
  • energiya tejamkorligi, jumladan, energiya tejovchi uskunalar va texnologiyalarni joriy qilish;
  • korxonaning atrof-muhitga taʼsirini kamaytirish, jumladan, ekologik huquqbuzarlik sodir etmaslik, atmosferaga tashlamalarni onlayn monitoring qilish tizimini joriy etish;
  • ishlab chiqarishga sirkulyar iqtisodiyotni joriy qilish (“7R”) tamoyilini tatbiq etish kabi koʻrsatkichlarni bajargan tadbirkorlik subyektlariga “yashil tadbirkor” maqomini beriladi.

Shuningdek, “yashil tadbirkor” maqomini olgan tadbirkorlik subyektlariga:

  • “Shaffof qurilish” platformasida ustuvorlik beriladi;
  • muayyan muddat davomida ekologik tekshiruvlardan ozod etiladi;
  • xalqaro bozorlarga chiqish uchun qoʻllab-quvvatlanadi;
  • Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi doirasida qoʻshimcha ball beriladi.

Loyihada aholi va tadbirkorlik subyektlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishni ragʻbatlantirish maqsadida 2025-yil 1-apreldan boshlab chiqindilar utilizatsiyasi hisobiga hamda shamol va quyosh manbalaridan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi uchun “yashil tarif”lar joriy etilishi ham koʻzda tutilmoqda. Bunda:

  • tadbirkorlik subyektlari tomonidan chiqindi va biogaz utilizatsiyasi orqali ishlab chiqariladigan hamda tashkilotlarning oʻz hududlarida oʻrnatgan shamol va quyosh elektr qurilmalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi;
  • aholining quyoshdan olingan va foydalanishda oʻz ehtiyojidan orttirib, davlatga sotadigan elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar belgilanadi.