Yashil texnologiyalar boʻyicha innovatsion loyihalar taqdimotida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Energetika vazirligi, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi, Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Atom energetikasini rivojlantirish agentligi, Gidrometeorologiya xizmati markazi va “Oʻzkimyosanoat” aksiyadorlik jamiyati vakillari hamda loyiha rahbarlari ishtirok etdi.

Iqtisodiyotning real sektori va ilm-fan sohasi integratsiyasini taʼminlashga qaratilgan loyihalar besh yoʻnalishdan iborat boʻldi. Markaziy Osiyo hududining dolzarb ekologik muammolarini hal etishga qaratilgan ilmiy-amaliy tadqiqotlar oʻtkazish, muqobil energetika sohasida ilgʻor texnologiyalarni ishlab chiqish va amaliyotga joriy etish, yirik ishlab chiqarish korxonalari chiqindilarini kamaytirish yuzasidan bezarar texnologiyalar ishlab chiqish va hayotga joriy etish, uy-joy kommunal xizmat sohasining energiya manbalaridan foydalanish samaradorligini oshirishga yoʻnaltirilgan texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish shular jumlasidandir.

Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining grant mablagʻlarini jalb etish boshqarmasi boshligʻi Behzod Teshaboyev ushbu loyihalar muhimligini va vazirlik tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini taʼkidladi. Innovatsion yashil texnologiyalarni joriy etish boʻyicha tayyorlangan loyihalar boʻyicha tegishli vazirliklar mutasaddilarining tavsiyalari tinglandi. Gidrometeorologiya xizmati markazi xodimlari tomonidan Yashil iqlim jamgʻarmasi va unga loyiha taqdim etish boʻyicha maʼlumotlar berildi.