Navbatdagi bosqichda Markaz mutaxassislari Kichik halqa avtomobil yo‘lining Bog‘ibuston ko‘chasi bilan kesishmasidan "Chilonzor" metro bekatigacha bo‘lgan 1,7 kilometrli qismidagi beshta svetofor obyektining ish rejimini hisoblab chiqdi va o‘zaro muvofiqlashtirdi.
Mazkur yo‘l qismida ilk bor "Yashil to‘lqin"ning yagona rejimi sutka davomida bir vaqtning o‘zida har ikki yo‘nalishda ishlamoqda. Bunday tartibni joriy etish transport oqimining ikki yo‘nalishda ham deyarli bir xil ekanligi tufayli imkonli bo‘ldi.
Svetoforlar sinxronlashtirilgunga qadar ushbu yo‘l qismini bosib o‘tish uchun o‘rtacha 5 daqiqa talab etilgan. Tizim joriy etilgach, yo‘lga sarflanadigan vaqt 2 daqiqa 45 soniyagacha, ya’ni 45 foizga qisqardi.
Belgilangan 40–60 km/soat tezlik me’yoriga rioya qilinganda, haydovchilar chorrahalarda svetoforning taqiqlovchi signalida to‘xtamasdan, yo‘l bo‘ylab bir maromda harakatlanishi mumkin.
Avvalroq Markaz "Yashil to‘lqin" tizimining dastlabki bosqichini Buyuk Ipak Yo‘li ko‘chasining "To‘ra Buva" masjididan Salom ko‘chasigacha bo‘lgan qismida ishga tushirgan edi. Mazkur yo‘nalishdagi 13 ta chorrahada svetoforlar faoliyati o‘zaro sinxronlashtirilgan.
Shu tariqa, bugungi kunda "Yashil to‘lqin" tizimi poytaxtning umumiy uzunligi 5,7 kilometrni tashkil etuvchi ikki yo‘l qismidagi 18 ta tartibga solinadigan chorrahani qamrab olmoqda. Ushbu yo‘nalishlarni bosib o‘tishga sarflanadigan vaqt o‘rtacha 30 foizga qisqardi.
Bu Yo‘l harakatini tashkil etish markazi tomonidan poytaxtdagi transport harakatini maqbullashtirishga qaratilgan kompleks ishlarning navbatdagi bosqichidir. Toshkentning boshqa ko‘chalarida ham "Yashil to‘lqin" tizimini joriy etish bo‘yicha hisob-kitob va sozlash ishlari davom etmoqda.