Yashnayotgan Qashqadaryo: farovonlik sari

    Qadim voha taʼrifi

    Ulugʻlarimiz “Vatanni shunchaki sevish mumkin emas, uning dardi bilan yashamoq, baxtidan quvonmoq, u bilan faxrlanmoq kerak”, deydi. Yurt sarhadlaridagi farovonlikdan zavqlanish, gʻururlanish esa ijodkorga oʻzgacha zavq ato etadi. Inson ruhiyatining jozib kechinmalariga bundan ortiq taʼrif yoʻq.

    Ne-ne zakolarni kamolga yetkazgan, ne-ne daholarni elga qoʻshgan benazir zamin, tilidan shukrona tushmaydigan, mehnatidan baraka topgan, mard va oqkoʻngil insonlar yurti — Qashqadaryo bu!

    Samarqand kalom ilmi maktabining bilimdon targʻibotchisi, mashhur jahon mutafakkiri Abu Muin Nasafiy, Yevroosiyoning yigirma yetti davlatida adlu imon tamoyilini oʻrnatgan, boshqaruv va harbiy boshqaruv sanʼati asoschisi muzaffar Sohibqiron Amir Temur Vatani.

    Ispan elchisi janob Klavixoning “Samarqandga sayohat” kundalik asarida taʼkidlangan, hazrat Sohibqiron onasiga atab 24-yil davomida qurdirgan (1380-1404) muazzam Oqsaroyning peshtoqlarida “Agar bizning shon-shuhratimizga shubha qilsangiz, biz qurdirgan imoratlarga boqing”, degan purhikmat soʻzlari bugun ulkan qurilishlar maydoniga aylangan yangi Oʻzbekistonning qad rostlayotgan yangi inshootlaridan mujda bergandek goʻyo.

    “Yashnagay toabad ilmu fan ijod”, deb faylasufona bashorat qilgan Oʻzbekiston Qahramoni, xalq shoirining dunyo soʻz salaflari tan berib oʻqiyotgan eng nodir sheʼrlari mehnatkash vohaning oddiy, kamtarin, tanti insonlariga bagʻishlangani kundek ayon.

    Yashil shahrim — Shahrisabz

    Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi, Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi, “Maʼrifat” targʻibotchilar jamiya­tining “Bir Vatan — bir maqsad” loyihasi doirasida taniqli olimlar, shoiru yozuvchilar, madaniyat va sanʼat fidoyilari safida azim Qashqadaryo zaminiga yoʻl oldik. Safarimiz Shahrisabz tumanining Mevazor mahallasidan boshlandi.

    Orasta va gulga burkangan mahalla markazi oʻtgan yili ishga tushirilgan. Obroʻli mahalla. Sababi, 6500 kishi yashaydigan hudud oqsoqollari, oqila ayollari har bir oilani, har bir farzandni doimiy mehr va ardoqda koʻradi. Keyingi bir yilda birorta ajrashish yoki jinoyat kuzatilmagan.

    — Ayolning baxti oilasi, mahallasi tinchligida boʻladi. Koʻngli tinch ayol bolalari, uy egasining xizmatidan ogʻrinmaydi, — deya soʻz boshlaydi xotin-qizlar faoli Shohistaxon Imomova. — Yaxshi odatimiz bor: eng koʻp kitob oʻqigan, farzandlari yutuqlarga erishgan, hovlisini toza tutgan, eng saranjom, hovlisi va koʻchalarida daraxt, gul koʻkartirgan oilalarimizni oqsoqollar va faol ayollar davrasida taqdirlaymiz, bolalarini oʻrnak qilib koʻrsatamiz.

    Shohistaxon yangi ishga tushgan mahalla kutubxonasiga boshlaydi. Mumtoz, zamonaviy, xorijiy 1200 adabiyotdan iborat kutubxonada ayollar gavjum. Ular oʻqigan kitoblar kartotekasiga nazar tashlaymiz: Bedil, Furqat, Muqimiy, Jek London, Ernest Xeminguey, Togʻay Murod, Behbudiy...

    Yarqiragan, toza yoʻlaklar, yashil maydonchalar, kichik favvoralar... Mahalla markaziga oʻxshamaydi, xuddi katta idoralar mahobati bor. 200 oʻrinli tadbirlar zali mahalla ahlining toʻy-hashamlarini oʻtkazishga moʻljallangan. Markaz chetidagi shinam uch xonali xizmat uyida profilaktika inspektori Jahongir Daminov yashaydi. Kelin Dilsoʻzxon osh pishiryapti, yonida oʻgʻillari Asilbek, Azizbek, Bilolbek.

    Kelin bizni uyga boshlarkan, xursand­ligini yashirolmaydi. “Opa, bu yil yangi xizmat uyiga koʻchib keldik. Ilgari turmush oʻrtogʻim tumanning Qoʻshqanotidan oʻnlab kilometrdan qatnardi. Endi esa barcha sharoiti bor xonadonimizning yonginasida fao­liyat yurityapti. Men ishlayotgan, bolalarim oʻqiyotgan maktab ham yaqin. Shunday mahallada yashash qanday yaxshi!” deydi.

    Mahalla sport zalidagi dzyudo toʻgaragi 200 ga yaqin oʻsmir bilan toʻlgan. Murab­biy Asror Uzoqov boshchiligida Fargʻona va Qarshi shaharlaridagi xalqaro va hududiy turnirlar gʻoliblari Sardor Rahmonqulov, Azizbek Rasulov, Humoyun Turdiqulov tabriklanadi. Esdalik sovgʻalarni mahalla raisi Sanjar Abduahatov topshiradi.

    Mahalla kishilarining oʻzaro bir oila aʼzolaridek muomalasi nihoyatda havas qilarli. Ayniqsa, kasanachilik, qoʻl mehnatini yoʻlga qoʻygan, mahallaning oʻnlab keliniga ishlash uchun sharoit yaratgan, doʻppi, soʻzana, yostigʻu koʻrpachalar, taqinchoqlar, dekorativ gullar yasashni oʻrgatayotgan Durdonaxon Temirova, Manzura Norovadan hamma minnatdor.

    Taniqli shoirlar Zulfiya Moʻminova hamda Dilshod Rajabning sheʼriy salomi sanʼatkorlarning qoʻshiqlariga ulanib ketadi...

    * * *

    Shahrisabz madaniyat markazidagi tadbirda “Oʻzbekiston — Vatanim manim” qoʻshigʻi zaldagi hamma tomoshabinlar joʻrligida yangradi. “El-yurt hurmati” ordeni sovrindori, voha sanʼatkorlari ustozi Elmurod Boymurodov va markaz huzuridagi “Marjona” guruhi rahbari, iqtidorli maqom ijrochisi Maʼmura Xolovaning dil izhori barchaga oʻzgacha ­taassurot qoldirdi.

    Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Gulbahor Erqulova sohir ovozda maqomni avj pardalarda kuylay boshlaydi. Qator maqom ustalari davom ettiradi. Otaxonu onaxonlar, zebo kelinlar, gulchehra qizlar raqslari nazmu sheʼr bayramiga oro beradi.

    Miraki moʻjizasi

    Hisor togʻ yonbagʻirlarida joylashgan, Oqsuv daryosining ikki qirgʻogʻi chaman ochilgan rang-barang gullar bilan qop­langan yoʻlaklar sari borar ekanmiz, bu oromgoh, moʻjizaning kechagina tashlandiq maydon boʻlganini, har kim oʻz holicha foydalangani, shox-shabba, yovvoyi tabiat holidagi manzara boʻlganiga ishongimiz kelmasdi. Salkam oʻn kilometrlik bu yashil yoʻlakda piyoda yoki velosipedda aylanish imkoni borligi, yon-atrof esa koʻzni quvontirar darajada chiroyli bezatilgani, bolalar maydonchalari, nuroniylar maskani, oilaviy mehmon uylari haqiqiy dam olish uchun nihoyatda did bilan bezatilgani diqqatimizni tortdi. Ota-onalari, aka-ukalari, butun oilasi bilan dam olgani kelgan buxorolik, xorazmlik, qoraqalpogʻistonlik eldoshlarni koʻrib, “Miraki” yaxlit turizm maskani bunyodkorlari mehnatiga hurmatimiz oshdi.

    “Miraki and spa resort” dam olish hududida joylashgan mehmonxonadagi qulayliklar, kommunikatsiya, dam oluvchilarga yaratilgan sharoitlar yuqori sifatga ega. 300 oʻrinli oilaviy xostellarda yashash uchun hamma imkoniyat bor — oʻchoqdan tandirgacha, kichik suv havzasidan duxoba koʻrpachalar toʻshalgan soʻrilargacha, elektrdan suvgacha, hatto bolalar maydonchalarigacha. Alohida sharoitlarga, sharqiragan daryoning zilol suvlarida miriqib choʻmilayotgan bolalarga boqib, yil boʻyi mehnat qilib, bugun zavq bilan dam olayotgan yurtdoshlarimiz koʻzidagi quvonch — boshqacha, huzurli.

    Ayniqsa, bu maskanga kelish uchun samolyot, poyezd, mashina yoʻli qulayligi, tep-tekis daftarning betiday yaraqlab turgan asfalt koʻchalar, har ikki tomondagi ovqatlanish, maishiy xizmat, koʻngilochar bekatlarni koʻrib, qishin-yozin dam olishga kelayotgan oʻzbekistonlik va xorijlik mehmonlar yanayam koʻpayishiga ishonch hosil qildik. Bu yuzlab yoshlarning doimiy ish oʻrniga ega boʻlishi, oilalar daromadiga baraka olib kirishi bilan yanada quvonarli.

    Dengiz sathidan 2700 metr balandlikdagi ajoyib boʻstonga Hisorak suv omboriga tutash hududda barpo etilgan ikki kilometrlik dor yoʻli orqali chiqiladi. Oʻzbek va Yevropa taomlari uygʻunligidagi yemakxonalar, kichik dam olish zonalari, ziynatli landshaftlar kishiga zavq bagʻish­laydi. Ilgari bunday maskanlarni Yevropada koʻrgan, eshitgan boʻlsak, inson qoʻli bilan barpo etilgan “Miraki moʻjizasi”ni Oʻzbekis­tonning Shveysariyasi deb atagimiz keldi.

    Choʻl qoʻynidagi jannatmonand joy

    Shahrisabzdan salkam ikki soatlik yoʻlda joylashgan navqiron Koʻkdala tumaniga borgan odam choʻl bagʻrida yastangan bepoyon yaylovlar, quyuq daraxtzorlar, serhosil poliz maydonlari osha yurib-­yurib, choʻl bagʻridagi jannatmonand joyga kirib qolgandek his etarkan oʻzini. Bu yerdagi bir-biriga oʻrin bermay gurkirab oʻsayotgan mitti gullar rang-barangligi, kichik favvoralar, yashil va qoʻngʻir tusdagi shakldor yoʻlaklarni koʻrib, safdagi askarlardek qator turgan sarvqad manzarali daraxtlar, koʻzni qamashtirgan koʻp qavatli uylar, Yettitom yaqinidagi Yangi Oʻzbekiston massivi manzarasi inson ong-tafakkuri, mehnati va fidoyiligi qisqa muddat — uch yilda moʻjizalar yaratishga yorqin dalolatdek goʻyo.

    Muhtasham sanʼat saroyi 255 oʻringa ega tomosha zali, maxsus ovoz yozish studiyasi, barcha zamonaviy cholgʻu asboblari, mukammal isitish va sovitish moslamalari bilan toʻliq taʼminlangan. Kirishda oʻzbek sanʼati dargʻalari, jadid maʼrifatparvarlari ilmiy-maʼrifiy ijodidan darak beruvchi yorqin fotosuratlar, zamonaviy oʻzbek va xorij adabiyotidan iborat kutubxona bor.

    Yangi saroy hovlisida suhbatimiz boshlanadi. Tuman nuroniylar kengashi raisi Qurbonnazar Jumayev “Ilgari oddiy bir hujjat (maʼlumotnoma) uchun ham Chiroqchiga borib kelishga toʻgʻri kelardi. Kasal boʻlsak, umrimiz Chiroqchi yoʻllarida oʻtardi. Hozir markazda yarim soatda ishimiz bitadi. Toshkent shifoxonalaridan qolishmaydigan markaziy koʻp tarmoqli shifoxonamiz, oilaviy poliklinikalarimiz, zamonaviy maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotlarimiz barcha zarur infratuzilma qulayliklariga ega. Hokimlikda joylashgan «Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi kompleks shakldagi dasturiy tizim orqali 55 ta daxldor tashkilotning barcha maʼlumoti bilan integratsiya qilingan. Nuroniylarning har biri mahalla faollari bilan birga barcha ishda bosh-qosh. Oʻndan ortiq nabiram bilan kutubxonadagi kitoblardan olib oʻqiymiz va albatta, mahalla oqsoqollari bilan birga kitob, mutolaaning foydasi behisob ekanini yoshlarga tushuntirishga harakat qilamiz», deydi. Oqsoqolning samimiy soʻzlariga boshqalar ham qoʻshiladi.

    Kechki maʼnaviy-maʼrifiy tadbirda ishtirok etgan Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori, Boʻzatov festivali gʻolibasi Jasmina Sheraliyeva zamonaviy qoʻshiqchilik asosida milliy qadriyatlar oʻrni haqida dildan soʻzlaydi, “Oshiq Gʻarib va Shohsanam” dostonidan parcha kuylaydi. Yana bir yosh ijodkor, iqtidorli hofiza Maftuna Asadullayeva mazkur sanʼat saro­yida rubob, dutor, doira, chang va gʻijjak sirlarini mahorat bilan oʻrganayotgan ukalari, maktabdoshlarini taʼriflaydi. “Endi bizning ham tadbirlar oʻtkazadigan chiroyli joyimiz, yoshlar bilan yigʻilib, bahs-munozara, tanlovlar tashkil etish imkoniyatimiz bor. Kelgusida Oʻlmas Saidjonov, Nasiba Sattorova singari mashhur hofiz boʻlib, Koʻkdalani dunyoga tanitamiz”, deb niyat qiladi. Uning dilkash izhorlari Botir Zokirov nomidagi milliy estrada instituti professori, Oʻzbekiston xalq artisti Mansur Toshmatovning jarangdor qoʻshiqlariga ulanib ketadi.

    Koʻkdala osmonida yulduzlar miltirab yona boshlaydi, oʻtkir chiroqlar yarqirab, yangi saroy hovlisini baralla yoritadi. Poytaxtlik va koʻkdalalik ijodkorlar ishtirokidagi haqiqiy sanʼat bayrami boshlanadi...

    Akademik oʻqigan maktab

    Mirzo Bedilning “Ilm insoniyat gavharidir” degan hikmati ilmni qadrlaganlarning hayot yoʻlida yoʻlchiroq boʻlib porlab turadi. Ilmiy-maʼrifiy imkoniyatlar bolalarimiz tafakkurida bebaho qadriyat sifatida shakllanmay turib, kelajakni yorqin koʻra olmasligimiz bor gap.

    Chiroqchi tumanidagi 1-maktab huzurida Fanlar akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Qalandar Abdurahmonov nomidagi “Inson kapitali va sunʼiy intellekt” ilmiy maktabi ochilgan. Taniqli olim rahbarligida maktab yetarli darajada kompyuterlar jamlanmasi, ilmiy va badiiy adabiyotlar, kerakli jihoz va uskunalar bilan taʼminlangan. Bu iqtidorli oʻqituvchi va oʻquvchilarni ragʻbatlantirish, yangi iqtisodiy dasturlarni yetkazib berish, isteʼdodli yoshlarni xalqaro tanlovlarga tayyorlash borasida muhim ahamiyatga ega.

    Yoshlarga yaratilayotgan sharoit eng nodir kapital — yangi kashfiyotlarga yoʻllanma beradi, vohada Qalandar Abdurahmonovdek akademiklar voyaga yetishiga mustahkam zamin yaratadi. Zero, muqaddas kitoblarda naql qilinganidek, “Yaxshilikning mukofoti yaxshilikdir”.

    Mehru ardoq diydori

    Yakkabogʻ tumanida joylashgan viloyat ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazidagi uchrashuvlarimiz keksa va nogironligi bor otaxon-onalarimizning yurtimizdagi islohotlar, yurtdoshlarimiz, xususan, qariyalarimizga berilgan eʼtiborga shuk­ronalik izhorlari bilan davom etdi. Markazda 130 yurtdoshimiz yashaydi, davolanadi. Ularga barcha qulaylik, ijtimoiy sharoit yaratib berilgan.

    Ancha yildan beri ushbu markazda yashayotgan Qudrat ota Tursunovning “Ajdodlar sadosi”, “Har holatda yashash zarur” kitoblari nafaqat bu yerda yashayotganlar, balki markaz xodimlari orasida ham mashhur. Biri kitob yozayotgan, boshqasi surat chizayotgan, tikuvchilik, kosiblik, ustachilik bilan shugʻullanayotganlarning hayotga muhabbati, atrofida ularni ardoq bilan parvarishlayotgan oq xalatli xodimlarning savobli mehnati haqida Yakkabogʻ tumani hokimi Lutfiddin Abdullayev bunday deydi: “Tumanimizdagi barcha bayram, arafayu hayit mana shu markazdagi azizlarni yoʻqlashdan boshlanadi. Yakkabogʻ odamlari — mard, biz mehrga, yaxshilikka mushtoq keksa va nogironligi bor azizlarimizga qancha mehr bersak, shuncha ishimizda rivojlanish boʻladi. Zotan, inson mehri, inson yuragi ardoqlansagina hayot yanada goʻzal koʻrinadi”.

    * * *

    Biz borgan davralarda yangi Oʻzbekistondagi islohotlar uchun qashqadaryoliklarning shukronasini koʻrdik, sidqidildan duolarini tingladik. Insonning dilidan joy olgan niyat, ushalishi kerak boʻlgan orzu qachon tilga chiqadi? Tanti yurtdoshlarimiz bu hikmatli soʻzlarni duoda izhor qiladi. Duoda gap koʻp. Qaysi joyda ezgu ishga kirishilsa, uning oldidan yoshi ulugʻ insonlar duosi olinadi.

    Yakkabogʻlik 87 yoshli Abdullajon ota Zokirovning duolarida, avvalo, yurtga tinchlik, farovonlik istaklari yangradi, Qashqadaryodagi islohotlarga kamarbasta insonlarga omonlik, zafar va muvaffa­qiyat soʻraldi.

    Chin dildan ixlos bilan qilingan ­duolar hamisha ijobat topqusidir!

    Sayyora TOʻYCHIYEVA,

    falsafa fanlari doktori, professor