Maʼlum qilinishicha, Yashnobod tumani hokimining tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinlaridan biridagi yordamchisi oʻz xizmat mavqeidan foydalangan holda fuqarodan 5 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruvda aniqlanishicha, u tadbirkorlik faoliyatini boshlamoqchi boʻlgan fuqaroning koʻp qavatli uyning birinchi qavatida joylashgan turar joy xonadonini noturar joy toifasiga oʻtkazish uchun yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari orqali ruxsat olib berish va hujjatlarni rasmiylashtirishda koʻmaklashishni vaʼda qilgan.
Shuningdek, mazkur masalani hal qilishda Yashnobod tuman hokimiyati boʻlinma rahbari ham ishtirok etgani maʼlum boʻlgan. Tezkor tadbir davomida ushbu mansabdor shaxs 600 AQSH dollarini olgan vaqtida qoʻlga olingan.
Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 va 28,211-moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, ularga nisbatan “qamoq” ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.