Bu yerda besh yil oldin bir suhbat boʻlib oʻtgan edi...
Chamasi oʻn yillar ilgari mutasaddi rahbarlar biror viloyat yoki olisroq bir hududga bormoqchi boʻlsa, tashrif oldidan oʻnqir-choʻnqir, oʻydim-chuqur yoʻllar naridan-beri tekislanib asfalt qilinar, yon-atrof tozalanib, tartibga keltirilar, bino va yoʻl boʻyidagi inshootlar esa xoʻjakoʻrsinga taʼmirlanib, oqlab qoʻyilardi.
Bu ham yetmaganidek, mehmonlarni kutish uchun alohida tayyorgarlik koʻrgan soʻzga chiquvchilarning roʻyxati tuzilar va gapiradiganlar tutilib qolmasligi uchun soʻzlar matni ham yozib berilar va hattoki, yod olinardi.
Gapning loʻndasi, biror nuqson koʻzga tashlanmaydigan darajada puxta tayyorgarlik koʻrilar, martabali mehmonlar kelishidan oldin chor-atrof yana bir bor koʻzdan kechirilib, iloji boʻlsa, asosiy yoʻllarda ortiqcha odam boʻlmasligiga ham eʼtibor qaratilardi. Barcha ishlarga koʻz-quloq boʻlib turish uchun alohida masʼullar biriktirilar, ularning sovuq vajohatini koʻrgan odam borki, iziga qaytar, sal lof qoʻshibroq aytadigan boʻlsak, daraxt shoxidagi qushlar ham miq etmay turardi.
“Kattakonlar” kelib ketgandan soʻng xonadonlaru doʻkonlardan olingan mebel jihozlari, poyandoz uchun toʻshalgan gilamlaru chinni idishlar oʻz egalariga qaytarilardi. Shundan soʻnggina oʻsha hududning mezbonlari peshonasining terini artib, chuqur tin olardi...
Shubhasizki, kelgan “kattakonlar”ning “Qanday muammolaringiz bor?”, “Bizdan nima yordam?”, “Sizlarni nima qiynayapti?”, degan savollariga alohida tayyorgarlik koʻrgan “soʻz ustalari” darhol qoʻllarini koʻksiga qoʻyib, “ming rahmat, bizda hech qanday muammo yoʻq”, deya javob berardi. Shu bois, ular borgan joyning yuzi yaltiroq boʻlgani bilan ichi qaltiroqligicha qolaverardi.
Oddiylik va odamiylik qadamlari
Soʻnggi besh yilda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning odilona siyosati tufayli barcha lavozim egalarining ish faoliyati tubdan oʻzgarib, xalq bilan muloqotlar, oddiylik, odamiylik sari ilk qadamlar tashlandi. Yaʼni hududlarga borgan yuqori lavozimdagi mutasaddi rahbarlarga qulluq qilish kabi illatlarga barham berildi. Bunday qutlugʻ qadamni Prezidentimizning oʻzi birinchilardan boʻlib boshlab berdi.
Keling, yaxshisi sizga oʻzim koʻrgan va bilgan voqeani toʻlaligicha aytib beray.
Bundan besh yil muqaddam bahor faslining soʻnggi kunlarida davlatimiz rahbari yonida bir-ikki ishonchli vakili bilan hech kimni bezovta qilmay, boradigan vaqtini va joyini oldindan oshkor etmay, poytaxtning Yashnobod tumanidagi “Shirinobod” mahallasiga tasodifan tashrif buyurdi.
Yoʻlida uchraganlar bilan iliq salomlashib, mahalla ahlining kayfiyati, turmush tarzi, muammolari, ularni qiynayotgan savollar va nima boru nima yoʻqligi bilan obdon qiziqdi. Taʼlim-tarbiya, tibbiyot, kommunal va obodonlashtirish sohalarining muammolari jiddiyligidan boxabar boʻlib, yon daftariga hammasini alohida qayd etib qoʻydi.
Hayajonlanib, tortinib muammolarini aytib berdi
Prezidentimizning nafaqadagi oʻqituvchi Taisa Konisheva bilan suhbatlashib turganini koʻrgan mahalla faoli Rahim Qoʻziyev darhol mahalladoshlari, qoʻshnilar, maktab maʼmuriyatiga davlat rahbari kelgani haqidagi xabarni yetkazdi. Birpasda keksayu yosh, oʻqituvchilar jamoasi hamda mahalla fuqarolari yigʻilib, qizgʻin suhbat boshlandi.
Birov qisinib-qimtinib yoʻllarning nosozligi haqida soʻzlasa, boshqasi toza ichimlik suv yoʻqligini, ishsizligini va boshqa bir qancha muammolarini aytib berdi. Eng asosiysi, mahalla ahli oʻz dardi, kamchiligi va quvonchlarini Prezidentimizga ochiq-oydin toʻkib soldi.
Bu tashrifdan soʻng oradan hech qancha vaqt oʻtmay, “Shirinobod” mahallasi davlat dasturiga kiritilib, har bir goʻshasida yangilanishdan darak beruvchi bunyodkorlik, obodonchilik va koʻkalamzorlashtirish ishlari jadal surʼatlar bilan boshlanib ketdi.
Ichki yoʻllar taʼmirlanib, 9 ming kvadrat metrdan ortiq joyga asfalt yotqizildi. Zamonaviy maktabgacha taʼlim muassasasi qad rostladi va unga “Kamalak” deb nom berildi. 1936-yilda barpo etilgan koʻp qavatli umumtaʼlim maktabi hamda sil kasalliklari shifoxonasi kapital taʼmirdan chiqarilib, eng soʻnggi rusumdagi zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi.
Marv va Boku koʻchalari toʻla kanalizatsiyalashtirilib, Murgʻob koʻchasi aholisi toza ichimlik suv bilan taʼminlandi. Mahalla markaziga olib boradigan asosiy yoʻlning boshiga muhtasham arka oʻrnatilib, peshtoqiga “Shirinobod” mahallasiga xush kelibsiz!” deb yozib qoʻyildi. Bunyod etilgan oilaviy poliklinika, “Doʻstlik” madaniyat va istirohat bogʻi esa kattayu kichikning koʻzini quvnatib, koʻngillarga orom bagʻishlovchi dam olish maskaniga aylandi. Bularning barchasi mahallaga oʻzgacha chiroy, fayzu tarovat, ajoyib bir koʻrkamlik baxsh etdi.
Tashrif va tomosha sizdan, mehmonlarni siylash bizdan
— Mahallamizning bugungi qiyofasi uning besh yil oldingi koʻrinishidan butunlay farq qiladi, — deydi Fanlar akademiyasining Oʻzbek tili adabiyoti va folklori instituti ilmiy xodimi Rahmatilla Barakayev. — Uning bir vaqtlardagi qorongʻu koʻchalaridan, odam qadam bosishga choʻchiydigan tashlandiq joylaridan, qishda loy, yozda chang boʻlib yotadigan yoʻllaridan asar ham qolmadi. Bugun mahallamizda fuqarolarning yayrab yashashi, maroqli dam olishi uchun barcha sharoit bor. Birov qaysi mahallada yashaysiz desa, gʻurur bilan “Shirinobod”da, deydigan boʻldik. Mehmon boʻlib kelgan odam havas qiladigan, bahri-dili yayraydigan goʻzal bir oshyon boʻldi. Bunday ulkan oʻzgarish va yangilanishlar boshida Prezidentimizning gʻamxoʻrligi mujassam. Xullas, yuz bora eshitgandan bir bora koʻrgan yaxshi deganlaridek, mahallamiz darvozasi siz, aziz hamshaharlarimiz uchun ham hamisha ochiq. Koʻklam oyining shu xushnafas kunlarida mahallamizga mehmon boʻlib keling. Doshqozonlarimizda sumalak va halimlarni birgalikda qaynatib, har kun bir koʻchamizda bayram qilmoqdamiz. Tashrif va tomosha sizdan, bir piyola achchiqqina koʻk choy va bahoriy taomlar bilan siylash bizdan.
Oʻntaning bittasi
“Shirinobod” Toshkent moliya instituti otaliqqa olgan oʻnta mahallaning bittasi. Bugun mazkur oliy oʻquv yurti va mahalla bilan hamkorlik rishtasi mustahkam bogʻlangan. Institut professor-oʻqituvchilari oʻtgan yildan buyon “Shirinobod”ga tez-tez borib, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarni birgalikda oʻtkazib turadi.
Institut tomonidan ishlab chiqilgan maxsus dastur asosida mahallani yanada obodonlashtirish maqsadida uch yuz tup mevali va manzarali daraxt oʻtqazildi. Yordamga muhtoj 2 fuqaroga nogironlik aravachasi hadya qilindi. Shu bilan birga, kam taʼminlangan oilalar moddiy qoʻllab-quvvatlanmoqda. Muhtoj fuqarolar xonadoni esa taʼmirlab berildi. Prezidentimizning yoshlarni kitob bilan oshno qilish, ularni kitobxonlikka oʻrgatish borasidagi qaroriga asosan, institut rektori tashabbusi bilan mahalla kutubxona va kompyuterli ham boʻldi. Navroʻz bayrami arafasida mahalla guzari binosida joylashgan moʻjazgina kutubxonaning tantanali ochilish marosimi oʻtkazildi.
— Navroʻz bayrami munosabati bilan mahalla ahliga tuhfa qilgan kutubxonamizda mingga yaqin badiiy, ilmiy-ommabop va bolalar uchun moʻljallangan badiiy adabiyot namunalari ham oʻrin olgan, — deydi Toshkent moliya instituti rektori Toʻlqin Teshaboyev. — Bundan keyin ham ushbu kutubxonani yangi kitoblar toʻplami bilan muntazam boyitib boramiz. Kutubxona uzoq-yaqindan kelgan mehmonlarga shunchaki koʻz-koʻz qilish uchun tashkil etilgani yoʻq. Aksincha, shu yerda yashaydigan fuqarolarning ongu tafakkurini teranlashtirish, yoshlarni kitob va kitobxonlikka jalb qilish orqali Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash va kelajakda yurtga sadoqatli, komil insonlar boʻlib kamolga yetishi uchun barpo etildi.
Ha, kutubxona — nurxona, deydi donolarimiz. Kitob odamlarni yaxshilikka undaydi, ezgulikka chorlaydi va qalbida eng goʻzal tuygʻularni uygʻotadi.
— Bugun mahallamiz ahli, ayniqsa, biz, yoshlar uchun shodiyona kun boʻldi, — deydi mahallaning faol yoshlaridan biri Izzat Umrzoqov. —Toʻgʻrisini aytadigan boʻlsam, ana shunday kutubxona biz uchun orzu edi. Mana, ezgu niyatimiz amalga oshdi.
Rais quvonchi
Abdunazar Mirbarotov shu mahallaning raisi. Harbiydan pensiyaga chiqqan bu inson yaxshi tashkilotchi sifatida mahalladoshlari orasida hurmat qozonib, ikki yil oldin katta ishonch bilan mahallaga oqsoqol etib saylandi. Oʻndan ziyod millat vakillaridan iborat uch yarim ming kishilik katta bir mahallani boshqarish oson emasligini his etgan Abdunazar aka dastlabki ishni Karimjon Zokirov, Talʼat Nazarov, Ahmadjon Moʻminov, Vladimir Koleshov singari mahallaning faol va jonkuyar odamlarini oʻz atrofiga jipslashtirishdan boshladi.
Mavjud muammolarni yechishdan tortib, mahalla tinchligiyu obodonchiligi masalalarigacha boʻlgan barcha ishlarni ana shu faollar bilan bamaslahat, kengashib bajaradi.
— Hamma gap hamjihatlikda, — deydi Abdunazar Mirbarotov. — Mahallamiz ahlining birgalikdagi saʼy-harakatlari sharofati bilan ana shunday yutuqlarga erishdik. Hali qiladigan ishlarimiz juda koʻp. Bu borada bizga chin dildan yordam berayotgan homiylar va hamkorlarimizga alohida minnatdorlik bildiraman. Ilohim, ezgulik yoʻlidagi hamkorligimizga koʻz tegmasin! Mahallamizning shunday nurafshon va goʻzal boʻlishiga boshchilik qilgan, fuqarolarimiz qalbiga yaxshilik va ishonch urugʻini ekkan Prezidentimizdan minnatdormiz!
Nuriddin OCHILOV,
jurnalist