Loyiha doirasida mevali daraxt koʻchatlarini ekish uchun vazirlik va tizim tashkilotlari vakillari bugun erta tongdan Toshkent viloyati Boʻstonliq tumaniga joʻnab ketgani haqida xabar bergan edik.
Ayni paytda koʻp sonli mehnat jamoasi Boʻstonliq tumanidagi Xumson qishlogʻi hududida 50 gektar maydonda bogʻ barpo etish maqsadida yaxshi niyatlar bilan koʻchat ekish ishlarini boshlab yuborishdi.
Shamshod Ergashev Qishloq xoʻjaligi vazirligi kotibiyat mudiri: “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan Toshkent viloyatining Boʻstonlik tumanidagi 50 gektar yer maydonida mevali bogʻ yaratish koʻzda tutilgan.
Bu yerga 25 ming dona mevali koʻchatlar ekiladi. Ayni paytda hamkasblarimiz gilos, olma, nok va bodom koʻchatlarini ekishmoqda. Albatta Boʻstonliq tumani togʻli hudud boʻlgani uchun aynan ushbu hudud iqlimiga mos keluvchi navlar tanlab olingan boʻlib mutaxassislarimiz tavsiya qilgan sxema ekilmoqda.
Yaxshidan bogʻ qolar... Koʻpni koʻrgan keksalarimiz bu gapni bekor aytishmagan. Chunki qadimdan yurtimizda bogʻ yaratish va unda yetishtirilgan sarxil mevalar bilan qoʻni-qoʻshnilar, kam taʼminlangan insonlarni yoʻqlash chin insoniy fazilatlarimizdan hisoblanadi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi tashabbusi bilan barpo etilayotgan “Yashil bogʻ” ham kelgusida mana shunday ezgu maqsadlar uchun xizmat qiladi.
Qolaversa bu, bugun dunyo miqyosida global masalaga aylangan ekologik madaniyatni yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligi, atrof muhit ozodaligini taʼminlashda ham muhim ahamiyatga ega. Bugunning oʻzida bu yerga 10 ming donaga yaqin mevali daraxt koʻchatlarining eng serhosil va sifatli navlari keltirilib ekilmoqda.
Bu yerda koʻchat ekish ishlari ertaga ham davom etadi.