Qoʻmita bayonotiga koʻra, davlatimiz rahbarining “Yaylovlarni muhofaza qilish va ulardan oqilona foydalanishning zamonaviy mexanizmlarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi farmoniga asosan, yaylovlardan samarali va maqsadli foydalanish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda. Jumladan, yaylovlarni chorvachilik ehtiyojlari uchun foydalanilishini taʼminlash, boshqaruvning ixcham va shaffof tizimini yaratish, ularni noqonuniy daromad manbaiga aylantirishga chek qoʻyish maqsad qilingan.
Hozirda vakolatli tashkilotlar bilan hamkorlikda yaylov yer uchastkalari xatlovdan oʻtkazilib, hududiy yaylov xoʻjaliklari balansiga qabul qilinmoqda va ularning davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi taʼminlanmoqda. Farmon kuchga kirgan sanada ushbu yerlardan doimiy va samarali foydalangan xoʻjaliklar bilan shartnomalar farmon talablariga muvofiq tarzda rasmiylashtirilmoqda.
Qoʻmita bayonotida qayd etilishicha, Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan tartib asosida faqat rasmiy xatlovdan oʻtgan va davlat roʻyxatiga kiritilgan yaylovlar ijaraga berilmoqda. Shu bois, ayrim ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tarqatilayotgan huquqiy asosga ega boʻlmagan xabarlar haqiqatga toʻgʻri kelmaydi va ular asossizdir.
Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi jamoatchilikni ishonchli manbalarga tayanishga, farmon ijrosi boʻyicha aniqlashtirilgan maʼlumotlar olish uchun tegishli hududiy yaylov xoʻjaliklari boshqarmalariga murojaat etishga chaqirdi.