Nazorat tadbirlari davomida 19 holatda turli qonunbuzarliklar qayd etildi. Jumladan, 3 ta holatda yer osti suvlariga noqonuniy quduqlar (shulardan 1 tasi qoʻlbola burgʻilash uskunasi yordamida) burgʻilanayotganligi, 12 ta burgʻi qudugʻi esa burgʻilab ketilganligi, 4 ta yuridik shaxs tomonidan yer osti suvlaridan tegishli ruxsatnomasiz foydalanayotganligi aniqlandi.

Aniqlangan qonunbuzarliklar yuzasidan, ruxsatnomasiz suvga quduq burgʻilash ishlarini olib borayotgan 2 ta jismoniy shaxsga nisbatan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksi”ning 72-moddasiga (“Suv quduqlarini qazishning belgilangan qoidalari va texnologiyasini buzish”) asosan maʼmuriy javobgarlik choralari koʻrildi.

Tadbir davomida Davlat geologiya qoʻmitasi Surxondaryo viloyati hokimligi bilan birgalikda hokimlikning majlislar zalida tumandagi yer osti suvlari isteʼmolchilari boʻlgan tadbirkorlar, fermerlar, kommunal soha xizmatchilari, qishloq va suv xoʻjaliklari vakillari va ekologiya mutaxassislari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda Surxondaryo viloyatidagi mavjud yer osti suvlari zaxiralarining cheklanganligi, tasdiqlangan zaxiralarga nisbatan yer osti suvlari olish miqdorining 2,5 — 3 barobar ortganligi natijasida suv balansining buzilganligi, yer osti suvlari sathining 1-3 metrdan 5-7 metrgacha tushib ketganligi, mavjud buloqlarning suv sarfi kamayib ketganligi va tumandagi ayrim burgʻu quduqlari qurib qolganligi alohida qayd etildi. Bundan tashqari, 2017-2018-yillarda ushbu tumanda oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra mavjud burgʻu quduqlarning 89 foizida yer osti suvlaridan foydalanish uchun maxsus ruxsatnomalarning yoʻqligi va natijada hozirgi kunda tuman miqyosida yer osti suvlarining aniq isteʼmolchilari hisobini yuritishda muammolar mavjudligi taʼkidlandi.