Yil oxirigacha bir million daraxtni raqamlashtirish rejalashtirilmoqda

    Raqamlashtirish 27 Iyun 2025 674

    Ekologiya vazirligi tomonidan Toshkent shahar hokimligi hamda “Zamin“ xalqaro jamoat fondi koʻmagida poytaxtdagi daraxtlar yagona raqamli reyestrini yaratish ishlari boshlandi.

    Qayd etilishicha, Ekologiya vazirligi va Toshkent shahar hokimligi mutaxassislari tomonidan oʻquv kurslari, amaliy ishlar, uskunalarni “dala“ sharoitida sinovdan oʻtkazish jarayonlaridan soʻng shaharning yashil maydonlari haqidagi barcha maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan elektron maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda.

    Mazkur raqamli reyestr daraxtlarni tizimli hisobga olish, ularni qurilish va yer resurslari bilan bogʻliq davlat axborot tizimlariga integratsiya qilish, shuningdek, ularning muhofazasini kuchaytirish va noqonuniy kesish holatlarining oldini olish imkonini beradi.

    Jarayon davomida sunʼiy intellekt, GPS uskunalari, fotofiksatsiya va yashil maydonlarni asboblar yordamida oʻlchashni oʻz ichiga olgan zamonaviy texnologiyalardan foydalaniladi. Daraxtlar dendrologlar tomonidan raqamlashtirilib, tekshiruvdan oʻtkazilgandan soʻng reyestrda ularning aniq soni, turi, yoshi, holati va boshqa muhim xususiyatlarini bilib olish mumkin boʻladi.

    Joriy yil yakuniga qadar “green.tashkent.uz” platformasida kamida bir million daraxtni raqamli reyestrga kiritish rejalashtirilgan.