Ikki yildan buyon Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, O'zbekiston Respublikasi iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash “Ulug'bek” jamg'armasi va O'zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi hamkorligida talabalar, doktorantlar va tadqiqotchilar o'rtasida o'tkazib kelinayotgan “Yangi O'zbekistonning iste'dodli yoshlari” nomli yilning eng yaxshi maqolasi tanlovining bu yilgi g'oliblari ham aniqlandi. G'oliblarini taqdirlash marosimi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligida bo'lib o'tdi, deyiladi Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi axborot xizmati xabarida.

Hamkor tashkilot rahbarlari ishtirok etgan tadbirda davlatimiz rahbari tomonidan yoshlarga qaratilayotgan e'tibor, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar alohida tilga olindi.

Aytish joizki, joriy yilgi tanlovga talabalar va yosh tadqiqotchilardan 500 dan ortiq ilmiy maqola kelib tushgan. ekspertlar xulosasi orqali shulardan 44 ta eng yaxshi maqola tanlandi va bular asosida “Yangi O'zbekistonning iste'dodli yoshlari” nomli ikkinchi kitob chop etildi. e'tiborlisi, mazkur kitob Oliy attestatsiya komissiyasi e'tirof etgan ilmiy nashrlar qatoriga kiritildi.

Tanlov g'oliblari tashkilotchilarning sertifikati, kitoblar to'plami hamda planshet bilan taqdirlandi. Shuningdek, kitobdagi sohalar bo'yicha 10 ta eng yaxshi maqola aniqlanib, mualliflarga O'zbekiston Respublikasi iste'dodli yoshlarni qo'llab-quvvatlash “Ulug'bek” jamg'armasi tomonidan pul mukofoti topshirildi.

Talaba-yoshlarni rag'batlantirish, qobiliyatlarini yuzaga chiqarishga ko'maklashuvchi mazkur tanlov ularning ilmiy faoliyatga bo'lgan qiziqishlarini yanada rivojlantirishga xizmat qilishi bilan ham ahamiyatlidir.