Bojxona Qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish boʻlimi va “Bekobod avto” chegara bojxona posti xodimlari Davlat xavfsizlik xizmati va DXX Chegara qoʻshinlari harbiy xizmatchilari bilan hamkorlikda tezkor tadbir oʻtkazdi.
Qoʻshni davlatdan kirib kelgan 57 yoshli fuqaro boshqaruvidagi «Kobalt« rusumli avtotransport vositasi bojxona nazoratidan oʻtkazilganda, «Rey« laqabli xizmat iti avtomashina salonidagi old yoʻlovchi oʻrindigʻining orqa choʻntagida giyohvandlik moddasi yashirilganiga ishora berdi.
Natijada oʻrindiq gʻilofi choʻntagidan dastlabki vazni 2 grammni tashkil qiluvchi «geroin« giyohvandlik moddasi topildi.
Shundan soʻng, «Kobalt« avtomobili inspeksion koʻrik majmuasi orqali toʻliq tekshiruvdan oʻtkazildi. Rentgen tasvirlari avtomashinaning yoqilgʻi bakida shubhali jismlar borligini koʻrsatdi.
Yoqilgʻi baki ochib koʻrilganida uning ichiga 30 dona poliyetilen oʻramlar yashirilganligi aniqlandi. Mazkur oʻramlarning sof ogʻirligi 30 kg. 10 grammni tashkil qiluvchi «opiy« giyohvandlik vositasi ekanligi maʼlum boʻldi.
Tezkor tadbir davomida, Bojxona Qoʻmitasining Kontrabandaga qarshi kurashish hamda Targetlash va xavflarni monitoring qilish boshqarmalari ichki ishlar idoralari bilan hamkorlikda giyohvandlik vositalarining egasi – 48 yoshli fuqaroni qoʻlga oldi. U «Jartepa« chegara bojxona postidan kirib, Qashqadaryo viloyati orqali harakatlanayotgan vaqtida yoʻl patrul maskanlaridan birida toʻxtatilgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan Jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.








