Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi takliflar tanlab olinadi

    Investitsiyalar 22 Sentabr 2021 749

    Hukumat qarori (592-son, 21.09.2021-y.) bilan Yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish uchun eng yaxshi taklifni tanlab olishning maʼmuriy reglamenti tasdiqlandi.

    Maʼmuriy reglamentga koʻra, yirik investitsiya loyihasi deyilganda qiymati kamida 10 million AQSH dollari ekvivalentidagi investitsiya loyihasi tushuniladi.

    Loyihani amalga oshirish uchun eng yaxshi takliflar Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi tomonidan tanlab olinadi.

    Loyiha doirasida:

    ➖ qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yerlarda – faqat qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi uchun qishloq xoʻjaligi maqsadlarida;
    ➖ qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yerlarda – qonunchilik bilan taqiqlanmagan har qanday faoliyatni amalga oshirish mumkin.

    Yakka tartibdagi uy-joy va koʻp kvartirali uylar qurilishini nazarda tutuvchi loyihalar yirik investitsiya loyihasi hisoblanmaydi va koʻrib chiqilmaydi.

    Tanlangan yerga boʻlgan huquqning bozor qiymatidan kam qiymatdagi yirik investitsiya loyihasi boʻyicha takliflar koʻrib chiqilmaydi.

    Boʻsh turgan yer uchastkasi boʻyicha hujjatlar yigʻma jildi Kadastr agentligining Davlat kadastrlari palatasi tomonidan “YERELEKTRON” AAT orqali tayyorlanadi.

    Talabgor yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha faqat DXM va YAIDXP orqali ariza bilan murojaat etadi.

    Ariza DXM orqali taqdim etilganda BHMning 1 baravari (270 ming soʻm) miqdorida yigʻim undiriladi.

    YAIDXP orqali murojaat etilganda bu miqdor 243 ming soʻmni tashkil etadi.

    Ishchi organ (Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi) ariza va hujjatlarni 3 ish kuni ichida koʻrib chiqadi.

    Kamchiliklar aniqlanmasa, loyiha Hukumat komissiyasiga kiritilib, 10 ish kunida konseptual jihatdan koʻrib chiqiladi.

    Loyihani amalga oshirish maqsadga muvofiq deb topilgan taqdirda, Davlat kadastrlari palatasiga boʻsh turgan yer uchastkasini aniqlash boʻyicha soʻrov yuboriladi.

    Davlat kadastrlari palatasi soʻrov kelib tushgan kundan boshlab 20 ish kuni ichida elektron shaklda yer uchastkasi boʻyicha hujjatlar yigʻma jildini tayyorlaydi hamda vakolatli tashkilotlar bilan kelishiladi.

    Yirik investitsiya loyihasiga muqobil takliflar Ishchi organning rasmiy veb-saytida eʼlon berilgan kundan boshlab 60 kun davomida (60-kun soat 24:00 gacha) qabul qilinadi.