Futbol boʻyicha Germaniya milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Yoahim Lyov joriy yil yozda oʻtadigan Yevropa chempionatidan keyin oʻz lavozimini tark etishini bildirdi. Aslida u bilan tuzilgan shartnoma muddati 2022-yilgi jahon chempionatidan soʻng tugashi kerak edi.

Lyov 2006-yildan buyon Germaniya milliy jamoasini boshqarib kelmoqda. Uning qoʻl ostida jamoa 2014-yilda jahon chempionligini qoʻlga kiritgandi. Shuningdek, Yevropa chempionatlarida kumush va ikki marta bronza medaliga sazovar boʻldi.

Terma jamoa bosh murabbiyining ketishi rasman eʼlon qilingandan soʻng OAVda uning oʻrnini egallashi mumkin boʻlgan nomzodlar haqida maʼlumotlar tarqala boshladi. Ulardan biri “Liverpul” bosh murabbiyi Yurgen Klopp edi. Yaqinda u Germaniya milliy jamoasini boshqarishi mumkinligi haqidagi mish-mishlarga javob qaytardi.

“Germaniya milliy jamoasini boshqarish niyatim yoʻq — dedi u Liverpool Echoʻga bergan intervyusida. — Yozdan keyin ham bu rejalarimdan oʻrin olmagan. Lyov milliy jamoa bosh murabbiyi sifatida ajoyib faoliyat yuritdi. U Germaniya tarixidagi eng muvaffaqiyatli mutaxassislardan biri boʻlib qoladi. Yevropa chempionatidan soʻng uning oʻrniga kelishi mumkin boʻlgan germaniyalik murabbiylar talaygina.

Taklif tushgan taqdirda ham rozi boʻlmayman. Yozda ham, Yevro-2020dan keyin ham men boʻsh boʻlmayman. “Liverpul” bilan yana uch yillik shartnomam bor. Shartnomaga imzo chekilgandan keyin unga amal qilish ham kerak, shunday emasmi.”

Xullas, Lev oʻrnini kim egallashi hozircha aniq emas.