IIV Jamoat xavfsizligi departamenti voqea yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.
2022-yil 15-oktyabr kuni soat 11:50 larda Boysun tumani “Tuzbozor” mahallasi hududida xizmat olib borayotgan Surxondaryo viloyati yoʻl-patrul xizmati inspektori serjant I. Pardayev tomonidan 75 Ye 079 FA davlat raqamli avtomashina toʻxtatiladi.
Haydovchining shaxsi planshet orqali tekshirilganida fuqaro M.Aga nisbatan qidiruvda ekani maʼlum boʻladi.
YPX inspektori haydovchini qidiruvda ekanini, oʻzi bilan tuman IIBga borishi kerakligini aytadi. Fuqaro qonuniy talabga boʻysunmay, inspektorga faol qarshilik koʻrsatib, urib tan jarohati yetkazadi.
Inspektorning qoʻlidan oʻziga tegishli xujjatlarini olib voqea joyidan ketishga urungan vaqtida shu yaqin atrofda xizmatga jalb etilgan IIO xodimlari yetib kelib, fuqaro Boysun tumani IIBga olib borilgan.
Sud tibbiy ekspertizasining 16.10.2022-yildagi dastlabki maʼlumotnomasiga koʻra, inspektorda yengil tan jarohati mavjudligi koʻrsatilib, holat yuzasidan Boysun tumani Prokuraturasi tomonidan fuqaro M.A ga nisbatan Jinoyat kodeksining 219-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.