Yoʻl taʼmirida qilinmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali pul oʻzlashtirgan rahbarlarga jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

    Surxondaryo va Fargʻona viloyatlarida qurilish-taʼmirlashdagi talon-torojlik fosh etildi.

    Bu haqida Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departament xabar berdi.

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Denov tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “T.A” MCHJ rahbari A.T va “Surxondaryo mintaqaviy yoʻllarga buyurtmachi xizmati” DUK masʼul shaxslari tumandagi ichki koʻchalarga asfalt yotqizishda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali 2,2 mlrd soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-taroj qilganliklari aniqlangan.

    Shu kabi, Departamentning Fargʻona shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “H.d.” MCHJ rahbari “B.” MFY hududidagi koʻchalarda oqava suv tarmogʻini rekonstruksiya qilishda bajarilmagan ishlarni qoʻshib yozish orqali 253,9 mln soʻmni oʻzlashtirish yoʻli bilan talon-toroj qilganligi aniqlangan.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 167-moddasi (oʻzlashtirish yoki rastrata yoʻli bilan talon-toroj qilish) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.