Yolg'on xabar tarqatishning javobgarligi bor!

    Hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlar orqali yolg'on axborot tarqatish holatlari uchramoqda.

    Buning natijasida fuqarolarga, shu bilan birga, jamoat tartibiga va xavfsizligiga jiddiy zarar etmoqda.

    O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bunday muammolarning oldini olish maqsadida mazkur holat bo'yicha qonun normalarida qanday tartiblar o'rnatilganligi haqida quyidagilarni ma'lum qildi:

    “Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonunning 121-moddasi 2-qismiga muvofiq veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog'idagi o'z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo'lgan axborotni joylashtirishdan avval uning to'g'riligini tekshirishi, shuningdek, joylashtirilgan axborotning noto'g'riligi aniqlangan taqdirda uni darhol o'chirib tashlashi shart.

    “Jurnalistlik faoliyatini himoya qilish to'g'risida”gi qonunning 6-moddasida jurnalistning majburiyatlari belgilangan bo'lib, o'z kasbiga doir faoliyatni amalga oshirish chog'ida jurnalist o'zi tayyorlayotgan materiallarining to'g'ri yoki noto'g'ri ekanligini tekshirishi va xolis axborot taqdim etishi shartligi ko'rsatib o'tilgan.

    Keltirib o'tilgan normalar ma'lumotlarning to'g'riligini tekshirib, keyin e'lon qilish axborot tarqatuvchi har qanday shaxs, shu jumladan, jurnalistlar va blogerlarning ham majburiyatlaridan biri hisoblanadi

    Shuningdek, “Ommaviy axborot vositalari to'g'risida”gi qonunning 6-moddasida ommaviy axborot vositalaridan ayrim turdagi xatti-harakatlarni sodir etishda foydalanishga yo'l qo'yilmasligi belgilangan bo'lsa, “Axborotlashtirish to'g'risida”gi qonunning 121-moddasida ham qanday axborot turlari internetda tarqatilishi mumkin emasligi nomma-nom sanab o'tilgan.

    Shu bilan birga hozirgi kunda ijtimoiy tarmoqlarda yolg'on ma'lumotlarni reklama qilish holatlari ham ko'p uchramoqda. 1998 yil
    25 dekabrda qabul qilingan “Reklama to'g'risida”gi qonunda noto'g'ri va yashirin reklama tushunchalarining mavjudligi yolg'on reklamaga qarshi kurashish bo'yicha normativ asos mavjudligini anglatadi. Bunga misol qilib ijtimoiy tarmoqlarda bir kunda boyib ketish va'da qilingan, aslida esa reklama mualliflari tashkil qilgan guruh yoki kanalga a'zolar va obunachilarni yig'ishni maqsad qiluvchi reklamalarni misol qilib keltirish mumkin.

    Ko'pincha telegram messenjeri orqali va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda tovar yoki ishlab chiqaruvchini obro'sizlantirish orqali raqobatchilarga iqtisodiy zarba berishga qaratilgan ovozli, foto va videoxabarlarga duch kelamiz. Masalan, ichimlikni ishlab chiqarishda uning tarkibiga sichqon qo'shilib ketishi kabi. Ammo, raqobatchini obro'sizlantirish, ya'ni, bosma yoki boshqacha usulda ko'paytirilgan matnlarda yoki ommaviy axborot vositalari orqali xo'jalik yurituvchi sub'ektning ishbilarmonlik nufuziga putur etkazish maqsadida bila turib yolg'on, noaniq yoki buzib ko'rsatilgan ma'lumotlarni tarqatganlik uchun O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 192-moddasida javobgarlik belgilanganligini unutmaslik kerak.

    Shuningdek, shaxs haqida uni obro'sizlantirish maqsadida o'z asosini topmagan axborot tarqatganlik uchun ham qonunchilikda javobgarlik belgilangan. Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 40-moddasida hamda Jinoyat kodeksining 139-moddasida tuhmat, ya'ni, bila turib boshqa shaxsni sharmanda qiladigan uydirmalar tarqatganlik uchun javobgarlik mavjud.

    Shuningdek, yolg'on xabar tarqatganlik uchun qonunchilikda fuqaroviy javobgarlik ham kelib chiqishi mumkin. Xususan, ma'naviy zarar shaxsning or-nomusi, sha'ni va qadr-qimmati va ishchanlik obro'sini haqoratlovchi ma'lumotlarni tarqatish tufayli etkazilgan bo'lsa, uni etkazuvchining aybidan qat'i gazar qoplanishi lozimligi Fuqarolik kodeksining 1021-moddasida ko'rsatib o'tilgan.

    Shaxsning or-nomusi, qadr-qimmati va ishchanlik obro'sini haqoratlovchi ma'lumotlar ham yolg'on uydirma bo'lishi mumkinligini inobatga olsak, mazkur holatda zarar qanday undirilishi mumkinligi to'g'risidagi normalar ham qonunchiligimizda o'z aksini topgan.

    Yolg'on xabarlar tarqalishining oldini olish va uni tarqatgan shaxslarni javobgarlikka tortish maqsadida 2020 yil 25 dekabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasining 658-son qonuni bilan yolg'on axborot tarqatganlik uchun javobgarlik belgilandi.

    Ya'ni, O'zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksning 2022-moddasiga ko'ra, jamoat tartibiga yoki xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan ommaviy axborot vositalarida, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki Internet jahon axborot tarmog'ida tarqatish, —

    BHMning 50(11 mln 150 ming so'm) baravaridan 100 (22 mln 300 ming so'm) baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

    Shuningdek, Jinoyat kodeksining 2446-moddasiga ko'ra, jamoat tartibiga yoki jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi yolg'on axborotni tarqatish, shu jumladan OAVda, telekommunikatsiya tarmoqlarida yoki internet tarmog'ida tarqatish, shunday harakatlar uchun ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin sodir etilsa, BHMning 200 baravarigacha (44 mln 600 ming so'm) miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi.

    Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari yuqoridagi qonun normalarini bilib qo'yishi foydadan xoli emas. Bu to'g'ri ma'lumot tarqatish mas'uliyatini oshirish bilan birga, turli feyklardan himoyalanish vositasi hamdir. Jurnalistlar va blogerlar ham olingan faktlarni e'lon qilishda ularning to'g'riligini tekshirib ko'rishi, aholi ishonchini suiiste'mol qilishdan ehtiyot bo'lishi maqsadga muvofiq.

    Adliya vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo'limi