Endi kameralar xavfsizlik kamaridan foydalanmagan yoʻlovchilarni ham qayd etadi

    Transport 4 Oktabr 2023 1401

    Xavfsizlik kamari bilan bogʻliq qoidalarga amal qilmaslik BHM 50 foizi (165 ming soʻm) miqdorida jarimaga sabab boʻladi.

    IIV JXD YHXXning maʼlum qilishicha, endilikda respublika boʻylab qoidabuzarlikni aniqlovchi maxsus qurilmalar haydovchilarning transport vositasini boshqarishida xavfsizlik kamaridan foydalanish qoidalarini buzishi kabi qoidabuzarliklarni ham qayd etadi.

    Yoʻl harakati qoidalariga koʻra, konstruksiyasida xavfsizlik kamarlari nazarda tutilgan transport vositasini boshqarayotgan haydovchi va uning old oʻrindigʻidagi yoʻlovchilar harakatni boshlashdan oldin xavfsizlik kamarlarini taqib olishlari shart.

    Quyidagi shaxslarga xavfsizlik kamarini taqmaslikka ruxsat beriladi:

    • avtomobilning orqa oʻrindigʻidagi 12 yoshgacha boʻlgan bolalar;
    • oʻquv-mashq transport vositasini oʻquvchi boshqarayotgan vaqtda avtomototransport vositasini yoki shahar elektr transportini boshqarishni oʻrgatuvchi amaliy mashgʻulotlar instruktori;
    • homilador ayollar, salomatligi xavfsizlik kamari taqish imkonini bermaydigan bemorlar (Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan kasalliklar roʻyxatiga muvofiq va ushbu kasalliklar bilan kasallanganligi boʻyicha tibbiy maʼlumotnoma mavjud boʻlganda);
    • xizmat vazifasini bajarayotgan xodimga biriktirilgan koʻk yoki qizil yoxud koʻk va qizil rangli yaltiroq mayoqchasi bilan jihozlangan hamda maxsus rangli boʻyoq sxemalar va yozuvlar bilan belgilangan transport vositalari haydovchisi va yoʻlovchilari.

    Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 125-moddasi 1-qismiga koʻra, xavfsizlik kamari bilan bogʻliq qoidalarga amal qilmaslik BHM 50 foizi (165 ming soʻm) miqdorida jarimaga sabab boʻladi.