Yoʻlovchilardan metropolitendan foydalanish qoidalariga amal qilish soʻraldi

    Transport 5 Sentabr 2022 1044

    “Toshkent metropoliteni” DUK maʼmuriyati metro yoʻlovchilariga murojaat bilan chiqdi.

    Foto arxiv

    Taʼkidlanishicha, joriy yilning sentyabr oyidan boshlab metropolitendan foydalanuvchi yoʻlovchilar soni oʻtgan yilga nisbatan kuniga 200 mingdan oshishi kutilmoqda. Prognozlarga koʻra sentyabr oyida bir kunda 550-580 ming, oktyabr oyida 600 mingga yetadi.

    Shu sababli, yuzaga kelishi mumkin boʻlgan tirbandliklarning oldini olish maqsadida, poytaxt metropoliteni tomonidan tizimli ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.

    "Harakatlanish vaqtida oʻzaro hurmatni saqlash, poyezd ichidagi yoʻlovchilar chiqib ketguniga qadar kirish uchun vagon eshiklari oldida turmaslik, manzilga kelgach, poyezdan chiqish uchun imkon qadar tezroq harakat qilish, vagon eshiklariga suyanmaslik, shaxsiy buyumlarni vagon va metro hududida qoldirmaslik talab etiladi.

    Bularning barchasi oraliq intervallarining reja asosida amalga oshirilishini taʼminlashga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

    Shuni alohida taʼkidlash joizki, metrodan doimiy tarzda foydalanuvchi yoʻlovchilar toʻlovni bank va transport kartalari orqali amalga oshirishsa, oʻz vaqtlarini tejashlari hamda kassa oldidagi tirbandlikni maksimal darajada kamaytirishiga zamin yaratadi.

    Yuqoridagi qoidalarga amal qilib, yoʻlovchilarga xavfsiz va madaniyatli xizmat koʻrsatishda oʻz hissangizni qoʻshasiz degan umiddamiz", deyiladi murojaatda.