Qayd etilishicha, tuman davrida va yomg‘irdan so‘ng PM2,5 konsentratsiyasining oshishi keng tarqalgan holat hisoblanadi. Yomg‘ir vizual jihatdan havoni “tozalovchi” omil sifatida qabul qilinsa-da, atmosferadagi haqiqiy jarayonlar ancha murakkabdir.
“Tuman shunchaki namlik emas, balki mayda suv tomchilari majmuasi bo‘lib, ularda chang va qorakul zarrachalari to‘planadi, shuningdek, ikkilamchi aerozollar shakllanadi. Tuman sharoitida, odatda, shamol sust bo‘ladi, havo aylanishi cheklanadi va harorat inversiyasi kuzatiladi. Ushbu omillar ifloslantiruvchi moddalarning atmosferaning yerga yaqin qatlamida ushlanib qolishiga sabab bo‘ladi, bu esa PM2,5 konsentratsiyasining oshishiga olib keladi”, deyiladi “O‘zgidromet” izohida.
Ma’lum qilinishicha, kuchli yog‘ingarchilik paytida yirik yomg‘ir tomchilari ifloslantiruvchi moddalarni samarali ravishda yuvib tushiradi va natijada ko‘rsatkichlar vaqtincha pasayishi mumkin. Biroq yomg‘irdan so‘ng mayda dispers zarrachalar konsentratsiyasining qayta oshishi ehtimoli mavjud.
“Bu yuqori namlik sharoitida zarrachalarning gigroskopik xususiyatlarga ega bo‘lib, o‘lchami kattalashishi va natijada o‘lchov asboblari tomonidan faolroq qayd etilishi bilan izohlanadi. Shuningdek, yog‘ingarchilikdan keyin namlikning bug‘lanishi ikkilamchi aerozollar hosil bo‘lishini kuchaytirishi mumkin. Shamol bo‘lmagan holatda ifloslantiruvchi moddalar yerga yaqin qatlamda to‘planishda davom etadi”, deyiladi xabarda.
“O‘zgidromet” vaziyat doimiy monitoring qilinayotganini, ma’lumotlar aniqlashtirilgani so‘ng qo‘shimcha axborot taqdim etilishini bildirdi.
Bahorning birinchi kuni Toshkent shahrida havo ifloslanishi boshlangandi. 1-mart kuni ertalab poytaxt havosi ifloslanish darajasiga ko‘ra, dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi. “O‘zgidromet” bunga havo inversiyasi sabab bo‘lganini ma’lum qilgandi.