Vazirlikning dastlabki maʼlumotiga koʻra, bugun, 31-iyul soat 13:00 da Toshkent viloyati FVBga, Boʻstonliq tumani, “Burchmulla” MFYda joylashgan “Burchmullo” oʻrmon xoʻjaligiga qarashli qir adirlikda quruq oʻt yonayotgani toʻgʻrisida xabar kelib tushgan.
Hozirda, voqea joyida Toshkent viloyati yongʻin-qutqaruv boʻlinmalari hamda Oʻrmon xoʻjaligi xodimlari yongʻinni bartaraf etish ishlarini olib borishmoqda.
Qoʻshimcha maʼlumot taqdim etiladi.
Toshkent viloyati hokimining axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi — matbuot kotibi Behzod Qobulovning maʼlum qilishicha, yongʻin taʼsir hududi 3-5 gektar atrofida ekani taxmin qilinmoqda. Hozirgi daqiqalarda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan barcha kuch va vositalar safarbar etildi.
Yongʻin sodir boʻlgan togʻli hududga faqat piyoda, togʻ soʻqmoqlari orqali borish mumkin. Shuning uchun hududga mudofaa vazirligining yongʻinni bartaraf etishga moʻljallangan aviatsiya kuchlari chaqirilgan.