Tuberkulyoz: Oʻlim darajasi kamaymoqda

Soʻnggi oʻn yil ichida sil kasalligidan vafot etganlar soni sezilarli darajada kamaydi. Ayniqsa, bu borada Afrika va Yevropa mintaqalarida ijobiy tendensiyalar qayd etilib, oʻlim koʻrsatkichlari mos ravishda 46 va 49 foizga pasaydi.

JSST bunday yutuqlar badavom boʻlishi uchun OITS, qandli diabet, chekish va toʻyib ovqatlanmaslik kabi xavf omillariga qarshi chora-tadbirlarni kuchaytirish zarur, degan xulosada.

Qizamiq: Vaksinalar millionlab insonlar hayotini saqlab qolyapti

Ommaviy emlash tadbirlari natijasida oʻtgan yili qizamiqdan oʻlim koʻrsatkichi 2000-yil boshiga nisbatan qariyb 90 foizga kamaydi.

Shunga qaramay, ayrim mamlakatlarda bu borada sustkashlik kuzatilmoqda. Bir yil avval dunyo boʻylab taxminan 11 million kishiga qizamiq tashxisi qoʻyilgani soʻzimiz tasdigʻidir.

Ayrim mamlakatlarda xavfli infeksiyalar toʻliq bartaraf etildi

Maldiv orollari dunyoda ilk bor OITS, sifilis va gepatit V ning onadan bolaga yuqishini toʻliq toʻxtatgan davlat sifatida eʼtirof etildi.

Burundi, Misr va Fiji traxoma xastaligi, Gvineya hamda Keniya uyqu kasalligi, Nigeriya esa onxotserkozga butunlay barham berishga erishdi.

Bezgakka qarshi kurashda yangi bosqich

2025-yilda Gruziya, Surinam va Timor-Leshti “bezgakdan xoli davlatlar” sifatida tan olindi. Afrikaning yana 7 ta mamlakatida bu kasallikka qarshi emlash joriy etildi.

Hozir bezgakka qarshi vaksinalar dunyoning 24 davlatida qoʻllanilmoqda. Bunday chora-tadbirlar tufayli sayyoramiz boʻyicha taxminan 170 millionta kasallanish va 1 millionga yaqin oʻlim holatlarining oldi olindi.

Emlash dasturlari kengaymoqda

Dunyo boʻylab meningit, poliomiyelit, pnevmokokk va rotavirus infeksiyalari, shuningdek, bachadon boʻyni saratonining asosiy sababi boʻlgan inson papilloma virusi (OPV)ga qarshi emlash qamrovi kengaymoqda.

Oʻtgan yili 86 million nafar qiz OPVga qarshi vaksina olgan. Emlash va skrining tekshiruvlari kuchaytirilishi natijasida Braziliya, Xitoy, Indoneziya, Nigeriya, Pokiston va Ruanda bachadon boʻyni saratonini toʻliq bartaraf etish arafasida turibdi.