Bu yil oʻzbek kinosi durdonalaridan biri “Yor-yor” filmining suratga olinganiga 60-yil toʻldi. Shu munosabat bilan senariy muallifi va rejissyor Ali Hamroyev filmni yangicha talqinda suratga olishini maʼlum qildi.
Film sinopsisi Kinematografiya agentligi Badiiy kengashi tomonidan koʻrib chiqilib, taklif va mulohazalar bildirildi.
Sinopsisga koʻra, voqealar rivoji 1964-yilda suratga olingan “Yor-yor” bilan deyarli bir xil. Birgina farqi yangi “Yor-yor”da voqealar Yangi Oʻzbekiston davrida boʻlib oʻtadi.
Film bosh qahramonlaridan biri – “Ota” obrazini Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Farhod Abdullayev gavdalantiradi. Hozirda boshqa qahramonlar uchun kasting jarayonlari davom etmoqda.
— Qahramonimiz Baxtiyor – orkestrda ishlaydigan yosh yigit. Uning jamoasiga qoʻshiqchi qiz kerak. U televizorda Zulfiyani koʻrib qoladi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning Buxoroda ekanligini bilib, u bilan uchrashishga qaror qiladi. Baxtiyorning otasi oʻgʻliga oʻsha qizni olib berish uchun u bilan birga yoʻlga chiqishini aytadi. Voqealar shu bilan boshlanadi.
Bugun atrofimizda nimalar boʻlayotgan boʻlsa, filmda ham shular tasvirlanadi. Maqsad – bugungi kunimiz haqida 50-yildan keyin ham odamlar bilishi kerak, deydi Ali Hamroyev.
Rejissyorning soʻzlariga koʻra, film shu yilning dekabr oylarida tayyor boʻladi, 2025-yilgi Navroʻz bayramida katta ekranlarga chiqishi rejalashtirilgan.