“Yorqin kelajak” oilaviy sharoiti ogʻir, ilmga chanqoq yoshlarni xorijda oʻqitish tizimi

    Fikr 28 Fevral 2025 1002

    Xoʻsh, bu loyihaga qanday ehtiyoj bor edi? Boisi, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yilda tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi shu paytgacha chet elda oʻqish istagi boʻlgan yoshlarni ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab keladi.

    “Oramizdan Maryamxon, Xayriniso, Saidaxon otliq oʻqish uchun mamlakatimizdagi toʻsiqlargʻa qarshi Ovroʻpagʻa otilgʻon fidokor qizlarimiz ham bor. Ularning oʻqishlari yaxshi. Biroq xivalik Maryamxon moddiy tomondan yaxshi taʼmin qilinmagʻoni uchun yoʻllarida koʻp chatogʻliklar koʻradur...”.

    Yuqoridagi matn qariyb yuz yil burun Germaniyaga oʻqishga ketgan talabalar yozgan xatlarning biridan parcha. Oʻsha davrda yurtimizdagi turli toʻsiqlarga, xorijda moddiy jihatdan qiyinchiliklarga uchrashiga qaramay, qator oʻgʻil-qizlar maʼrifatparvar jadidlarimiz yordamida muhandis, shifokor, iqtisodchi kabi turli kasblarni egallab, oʻz vatani taraqqiyotiga hissa qoʻshish uchun xorijiy oʻlkalarga oʻqishga bordi. Afsuski, bu talabalar taqdiri fojiali yakun topdi. Ammo xalqimiz ziyolilari boʻlgan ota-bobolarimiz anglagan haqiqat — davlat va jamiyat taraqqiyoti uchun fidoyi, vatanparvar, oʻz sohasida xorij tajribasiga ega yoshlarni tarbiyalash zarurati oʻzgarmay qoldi.

    Shu sabab davlatimiz rahbari yaqinda yoshlar bilan oʻtkazgan muloqotida ushbu yoʻnalishdagi tashabbuslar va islohotlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. Ulardan biri bilimga chanqoq, lekin oilaviy sharoiti ogʻir yoshlarni xorijda oʻqitish boʻyicha yangi tizim — “Yorqin kelajak” loyihasi joriy etilishini qayd etdi.

    Xoʻsh, bu loyihaga qanday ehtiyoj bor edi? Boisi, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2018-yilda tashkil etilgan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi shu paytgacha chet elda oʻqish istagi boʻlgan yoshlarni ham moddiy, ham maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlab keladi.

    Maʼlumotlarga koʻra, jamgʻarma oʻtgan davrda 2500 ga yaqin oʻgʻil-qizning xorijda tahsil olishiga koʻmaklashgan. Oʻzga yurtlarda ham oʻzbek yoshlarining mamlakatimizdagi kabi bemalol taʼlim olishi uchun kerakli shart-sharoit va imkoniyatlarni hozirlayotir.

    Jamgʻarma xorijiy oliy taʼlim muassasasida oʻqish huquqini qoʻlga kiritgan ilgʻor oʻgʻil-qizlarga tanlov asosida yuz foizli grantlar ajratadi. Grantni olish uchun xorijiy universitetlardan birining talabasi boʻlish talab etiladi. Bu esa xorijda oʻqish huquqini qanday qoʻlga kiritish mumkin ekanini bilmaydigan, buning uchun alohida tayyorgarlik koʻrishga moddiy imkoniyati boʻlmagan ayrim iqtidorli yoshlarning orzulariga oʻz vaqtida toʻlaqonli erishishi uchun noqulaylik tugʻdirardi. Yangi loyihaga koʻra, har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy sharoiti ogʻir yoshlarning bilimga chanqoq, iqtidorli oʻgʻil-qizlari saralab olinadi. Salohiyatiga mos xorijiy oʻquv yurti tanlanib, tayyorgarlik kurslarida oʻqitiladi.

    Bu qanday oila farzandi boʻlishidan, xorijdagi taʼlim muassasalari haqida tushunchasi bor-yoʻqligidan qatʼi nazar, iqtidorli, chet elda tahsil olish orzusidagi yoshlar niyatiga erishish yoʻlida harakat qilishiga yordam beradi.

    Mutafakkir bobolarimiz — Imom Buxoriy, Xorazmiy, Beruniy kabi qomusiy olimlar koʻpgina shaharlarda boʻlib, u yerda oʻz bilim-salohiyatini orttirgani haqida maʼlumotlar bor. Xalq vakillari orasida bunday ilm mashʼallari koʻpayishi esa oʻsha millat dunyoqarashi oʻsishi, turmush sharoiti, hayoti yanada farovonlashishiga xizmat qiladi. Tarixda bu bir necha bor oʻz isbotini topgan. Jumladan, Uygʻonish davri boʻlgan IX–XII asrlarda Markaziy Osiyo nafaqat dunyo ilm-fan markaziga aylangan, balki har jabhada boshqa oʻlkalardan bir qadam ilgarilagan. Bugungi inson kapitali hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlib turgan bir davrda yoshlarning taʼlim-tarbiyasi masalasi yanada dolzarblashib bormoqda.

    Shu bois, davlatimiz rahbari yoshlar bilan muloqotda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi kvotalarini koʻpaytirish, ayni paytda tahsil olayotgan yoshlarni yolgʻizlatib qoʻymaslik, xorijda bilim-salohiyatini yuksaltirgan mutaxassislarni yanada ragʻbatlantirish borasidagi ishlarni jadallashtirish boʻyicha yangi tashabbuslarni ilgari surdi.

    Muloqotda yoshlar hech bir oʻzbek farzandi chetda qolib ketmaydigan islohotlar haqida eshitib, qayerda boʻlmasin, “Davlatimiz rahbari men haqimda gapiryapti”, deya yuragi hapriqib, oʻqish va izlanishlarini yanada kuchaytirgan boʻlsa ajab emas.

    Ular yuksak orzu-umidlari roʻyobga chiqishiga ishonchi ortib, yanada balandroq marrani zabt etishga bel bogʻladi. Zero, oʻzbek yoshlari muvaffaqiyati oʻzbek xalqining kelajagi farovonlashishi kafolati, yangi Oʻzbekistonning yanada taraqqiy etishi asosi, Uchinchi Renessansning tamal toshidir.

    Uchinchi urinishda orzumga erishdim

    Mohinur MURODOVA, Kolorado davlat universiteti talabasi:

    — Bolaligimda osmondagi yorqin yulduzlarni tomosha qilishni xush koʻrardim. Esimda, yoz chillasi tunlari koʻk yuzi tiniq boʻlardi. Chaqnoq yulduzlarga soatlab termilib oʻtirardim. Quyosh, oy, yulduzlar, bulut, yomgʻir kabi tabiat hodisalari qanday yuz berishiga boʻlgan qiziqishim fizika va astronomiya fani sir-sinoatlarini oʻrganishimga zamin yaratdi.

    Buning natijasida maktabda oʻqib yurgan kezlarimdayoq fizika fani boʻyicha turli tanlovlarning tuman, viloyat, respublika bosqichlarida faxrli oʻrinlarni egalladim. Avvaldan fizika va astronomiya fanlaridagi bilimimni orttirish uchun xorijda tahsil olishni niyat qilganman.

    Afsuski, oʻn birinchi sinfda “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tanlovida qatnashib oʻtolmadim. Ammo oilamning qoʻllab-quvvatlashi, qarorimga boʻlgan ishonchi menga kuch berib, ikkinchi marta “El-yurt umidi”ga hujjat topshirdim. Bu safar ham omad mendan yuz oʻgirdi.

    Ota-onam, oila aʼzolarim “Oʻqib olim boʻlarmiding”, degan gaplarni hech qachon aytmagan, tanlovda yoki biror konferensiyada qatnashmoqchimanmi, xorijda oʻqimoqchimanmi — barchasiga rozi boʻlib, qarorlarimni qoʻllab-quvvatlagan. Hatto “El-yurt umidi” jamgʻarmasi tanlovidan ikkinchi marta oʻtolmaganimda ham “Xorijiy universitetlardan yuz foizli grant ololsang, oʻqishingga rozimiz”, deyishgan.

    Soʻng AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Yangi Zelandiya, Italiya kabi davlatlar top universitetlaridan jami 770 ming dollar grant yutib oldim. Ular orasida yuz foizli grant ham bor edi. Ammo viza olish, chet davlatda yashashning oʻzi ham yaxshigina mablagʻ talab qilardi. “El-yurt umidi” granti esa bu xarajatlarni toʻliq qoplab berardi, ammo men uni qoʻlga kirita olmadim. Menda ikkita yoʻl bor edi: biri — oilamni katta xarajatga qoʻyib xorijda tahsil olish, biri esa orzumdan voz kechish. Shu tariqa poytaxtimizdagi Vebster universitetida oʻqishni boshladim.

    Ammo sira orzularimdan voz kechishni xohlamasdim. Uydagilarga aytmay, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi grant tanloviga yana hujjat topshirdim va gʻolib boʻldim. Buni eshitib, oila aʼzolarim juda xursand boʻldi. Ha, men ham oilamni katta xarajatga qoʻyishni istamadim, ham orzularimdan voz kechmadim.

    Ayni paytda AQSHning Kolorado davlat universiteti fizika fakultetida tahsil olyapman. Bu yerdagi oʻquv jarayonlari menga juda yoqdi, ayniqsa, universitet observatoriyasi astronomiya boʻyicha bilimlarimni orttirishda juda qoʻl kelyapti. Fizika, astronomiya yoʻnalishidagi bilimlarimni mustahkamlab, kelgusida Oʻzbekistondagi ayni shu soha taraqqiyotiga hissa qoʻshishni niyat qilganman. Hozirdan Oʻzbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligida qanday loyihalarni amalga oshira olishim, agentlik faoliyatini kuchaytirish uchun nimalar qilish zarurligi haqida bosh qotiryapman.

    Kelgusida turli mamlakatlardagi, xususan, yurtimizdagi Maydanak observatoriyasida amaliyot oʻtab, sohada katta oʻzgarishlarni amalga oshirishni niyat qilib qoʻydim.

    Istaklarim amalga oshdi

    Jasur BOZORBOYEV, Buyuk Britaniyaning Lester universiteti talabasi:

    — Qoraqalpogʻistonning Toʻrtkoʻl tumanidagi maktab kutubxonasida Charlz Dikkensning “Oliver Tvistning sarguzashtlari” asarini mutolaa qilayotgan kichkina Jasurga sen kelgusida Buyuk Britaniyada tahsil olasan, asarda aytilgan joylarni oʻz koʻzing bilan koʻrasan, desa ishonmagan boʻlardim. Ammo vaqti kelib, bu roʻy berdi.

    Bolaligimda kitob oʻqishga, ayniqsa, siyosiy asarlarni mutolaa qilishga qiziqishim baland edi. Ayni shu yoʻnalishda oʻqib, izlanib, poytaxtimizdagi Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabasi boʻldim. Talabalik yillarimda xorijda tahsil olish istagi yanada kuchaydi. Buning imkonsiz emasligini angladim. Ammo hali-hanuz uning oʻziga yarasha qiyinchiliklari borligi qatʼiy qarorga kelishimga toʻsqinlik qilardi. Soʻngra oila qurib, yurtimizdagi nufuzli tashkilotlardan birida ish boshlagach, xorijda oʻqish haqida oʻylamaslikka harakat qildim.

    Ammo bolalik orzumning armonga aylanishini sira istamasdim. Koʻpgina oʻzbek yoshlarining xorijda tahsil olayotganini koʻrib, chet elda oʻqish istagi qayta uygʻondi. Buning uchun nima qilish kerakligini surishtira boshladim.

    Koʻpchilik “El-yurt umidi” jamgʻarmasi grantlariga harakat qilib koʻrishim kerakligini aytdi. Sababi ushbu jamgʻarma granti oʻqishingiz toʻlovlari bilan birga xorijda yashashingizni ham toʻliq moliyalashtiradi deyishdi.

    Oʻtgan yili jamgʻarma grantini qoʻlga kiritib, ayni paytda Buyuk Britaniyaning Lester universitetida piar menejment yoʻnalishida tahsil olyapman. Bu yoʻnalishni tanlashimga Oʻzbekistonda piar sohasi yangi yoʻnalish sifatida taraqqiy etib borayotgani hamda mamlakatning xalqaro imijini shakllantirishda muhim yoʻnalishlardan biri ekani turtki boʻldi.

    Lester universiteti ayni yoʻnalishda katta tajribaga ega boʻlgan oliy taʼlim muassasalaridan biri. Bu yerda oʻqigan koʻpchilik kadrlar “Gardian”, SNN kabi yirik nashrlarda faoliyat yuritadi.

    Davlatimiz rahbarining oʻzbek yoshlari bilan muloqotini entikib kuzatdim. Ayniqsa, “Yorqin kelajak” loyihasini eshitib, juda mamnun boʻldim. Axir bolaligimda bu loyiha boʻlganida men allaqachon xorijda oʻqish istagimni amalga oshirardim.

    Prezidentimizning muloqotda aytgan soʻzlaridan motivatsiya olib, keyingi bosqichlarni ham top universitetlarda oʻqishga qaror qildim.

    Chet elda orttirgan bilimim amaliyotda qoʻl kelmoqda

    Faxriddin XOLMURODOV, Transport vazirligining Jamoat transporti boshqarmasi yetakchi mutaxassisi:

    — Toshkent temir yoʻl muhandislari institutining (hozirgi Toshkent davlat transport universiteti) iqtisodiyot fakultetini tamomlagach, yaqinlarim tavsiyasi bilan “El-yurt umidi” jamgʻarmasi grantiga hujjat topshirdim. Oʻsha paytlar bunday tanlovlarda gʻolib boʻlishimga koʻzim yetmasdi. Ammo qatnashib, uning shaffof va adolatli saralash tizimiga ega ekaniga amin boʻldim. Hozir ham xorijda qanday oʻqisam boʻladi, deya maslahat soʻraganlarga jamgʻarma grantini tavsiya etaman.

    Jamgʻarma granti asosida Germaniyaning Berlin texnika universitetida tahsil oldim. Ushbu davlatni tanlashimga asosiy sabab Germaniya oʻqitish tizimi koʻpgina xorijiy davlatlarnikidan bir qadam oldinda ekanidir. Universitetimizda nazariya bilan amaliyot birgalikda oʻqitilardi. Koʻpgina amaliyotchi mutaxassislar bilan uchrashuvlar tashkil qilinardi. Eng asosiysi, siz oʻqish bilan birga oʻz yoʻnalishingizda korxona-tashkilotlarda ishlash imkoniyatiga ham ega boʻlar edingiz.

    Universitetda bir loyihani muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyish bilan birga uning omadsizlikka uchrashi sababini tahlil qilish ham oʻrgatilardi. Chunki samarali loyihalarni hayotga tatbiq etish qulay, ammo omadsizlikka uchraganlarini muvaffaqiyatli qilish koʻp mehnat va yangicha yondashuvlar talab etadi.

    Germaniyada orttirgan bilim va tajribam ayni kunlardagi “yashil” transport tizimlarini rivojlantirish boʻyicha yetakchi mutaxassis sifatidagi faoliyatimda qoʻl kelmoqda. Shu kunlarda “yashil” transportni rivojlantirish bilan birga barcha transport tarmoqlari tomonidan koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yanada oshirishga yordam beruvchi “Yagona T” platformasini joriy etish loyihasini ishlab chiqdim.

    Ushbu loyiha dunyoning 10 dan ortiq rivojlangan mamlakatidagi transport tizimlari chuqur tahlil qilinib, bizdagi shakllangan transport xizmatlari va ularning ishlash mexanizmlariga eng mos tushadigan yechimlar kompleks uygʻunlashtirilgan holda ishlab chiqildi. Transport yoʻnalishida faoliyat yuritadigan yoshlar oʻrtasidagi “Innovatsion gʻoyalar — 2024” koʻrik-tanlovida “Yagona T” platformam loyihasi tengsiz deb topildi. Ayni paytda loyihani amaliyotga tatbiq etish borasida ishlayapman.

    Sanjar ESHMURODOV,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri