“Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichi davom etmoqda

    Tanlov doirasida bugungi kunga qadar 3,6 million nafardan ortiq yoshlar qamrab olinib, 14 nafar tanlov g‘oliblari bo‘lgan yosh kitobxonlar Prezident sovg‘asi — “Spark” avtomashinasi sovrindori bo‘ldi.

    Prezidentning besh muhim tashabbusi doirasida yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish maqsadida an’anaviy tarzda “Yosh kitobxon” tanlovi o‘tkazilib kelinmoqda.

    Yoshlar ma’naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish orqali yosh avlodning intellektual salohiyatini oshirish maqsadida tashkil etilgan tanlovda bugungi kunga qadar 3,6 million nafardan ortiq yoshlar qamrab olinib, 14 nafar tanlov g‘oliblari bo‘lgan yosh kitobxonlar Prezident sovg‘asi — “Spark” avtomashinasi sovrindori bo‘ldi.

    Tanlovda g‘olib bo‘lgan 11 nafar qizlarning 5 nafari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Davlat mukofotlari bilan taqdirlandi.

    Tanlovda ishtirok etish uchun 2022-yilda 640 ming (2021-yilda 554,8 ming) nafarga yaqin yoshlar onlayn tarzda ariza topshirdi.

    Yoshlar ishlari agentligi tomonidan mutasaddi vazirlik va idoralar hamkorligida o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi bu yil ham 3 ta yosh toifasida, 5 bosqichda tashkil etildi.

    Tanlovning mahalla va sektor bosqichlarida ishtirokchilar test savollari orqali saralangan bo‘lsa, g‘oliblar tuman (shahar) va hududiy bosqichlarda 2 ta shart — badiiy asarlar bilimdoni va tezkor savol-javob asosida o‘zaro bellashdi.

    Ayni kunlarda poytaxtimizda 10-14 yosh, 15-19 yosh, 20-30 yosh toifasi bo‘yicha 1 nafardan hududiy bosqich g‘oliblari (jami 42 nafar) respublika bosqichida “Badiiy asarlar bilimdoni”, “Tezkor savol-javob”, “Buyuk mutafakkir va adib”, “She’riyat”, “Insho yozish” shartlari bo‘yicha o‘zaro bellashayotir.

    Respublika bosqichi ishtirokchilari 3 ta yosh toifasida quyidagicha rag‘batlantiriladi:

    1-o‘rin “Prezident sovg‘asi” Spark avtomobili va diplom,

    2-o‘rin 50 mln (ellik million) so‘m pul mukofoti va diplom,

    3-o‘rin 30 mln (o‘ttiz million) so‘m pul mukofoti va diplom bilan,

    Respublika bosqichining qolgan barcha ishtirokchilari 10 mln (o‘n million) so‘mdan pul mukofoti va sertifikat bilan taqdirlanadi.