Innovatsion rivojlanish vazirligi hamda Innovatsion rivojlanish va novatorlik gʻoyalarini qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan oʻtgan 3 yil davomida 231 nafar yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar, markazlar, universitetlarga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborilgan va ushbu maqsadlarda jamgʻarma tomonidan 8 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ yoʻnaltirilgan.
Dunyodagi koronavirus pandemiyasi sababli 2020-yilda tanlovdan oʻtgan 261 nafar yosh olimlarning 7 nafari ilmiy stajirovkaga yuborildi.
Mamlakatimizda pandemiya sharoiti yakunlanmagan boʻlsada, yosh olimlarni tanlov asosida saralab olish jarayoni davom etmoqda. Tanlovdan oʻtgan yosh olimlar muntazam xalqaro aviareyslar qayta tiklangach ilmiy stajirovkaga yuborilishi va bu maqsadlarga 12,6 milliard soʻm yoʻnaltirish rejalashtirilgan, deb xabar beradi Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot xizmati.
Vazirlik tomonidan ilmiy ish olib borish va zamonaviy asbob uskunalarni ishlata olish uchun bilimga ega boʻlish maqsadida 14 xil yoʻnalish boʻyicha stajirovkaga yuborilgan yoshlarning 21 foizi tibbiyot, 16 foizi kimyo-biologiya, 14 foizi fizika-matematika va boshqa dolzarb sohalarni tashkil qiladi.