Davlatimiz rahbari shu yilning 25-dekabr kuni mamlakatimizda birinchi bor yangicha formatda oʻtkazilgan Oʻzbekiston yoshlari forumida qilgan maʼruzasida yoshlarni “Oʻzbekistonning eng katta boyligi, bebaho xazinasi” deb atadi. Zero, 2020-yil 29-dekabr kuni Prezidentimizning Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasida 2021-yilga mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb nom berilishi yangi avlodga nisbatan eʼtiborning mantiqiy davomi va izchilligi namunasidir.

2017-yildan buyon anʼanaga aylangan davlat rahbarining Parlamentga Murojaatnomasida joriy yilda “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi doirasida bajarilgan ishlar, erishilgan natija va koʻrsatkichlar, kelgusi yilda mamlakatimizni yana-da rivojlantirishga qaratilgan eng muhim maqsad va vazifalar, ichki va tashqi siyosatga doir ustuvor yoʻnalishlar belgilab berildi.

Murojaatnomada bu yil murakkab va sertashvish kelgani, lekin shunga qaramay xalqimizning bukilmas irodasi, fidokorona mehnati va matonati tufayli mavjud qiyinchiliklar mardonavor yengib oʻtilgani alohida taʼkidlandi. Darhaqiqat, davlat organlari, jamoat tashkilotlari hamda xalqaro tashkilotlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli mavjud qiyinchilik va muammolarga “bir yoqadan bosh chiqarib” kurashildi. Albatta, bunda mamlakatimiz yoshlarining ham hissasi katta boʻldi.

Kirib kelayotgan 2021-yil mamlakatimizda “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”, deb eʼlon qilindi. Bu, albatta, bejiz emas. Xalqimizda “Mehnat qilsang – rohat koʻrasan” degan maqol bor. Murojaatnomada Oʻzbekiston yoshlari manfaatlari 2021-yilda ham har tomonlama himoya qilinishi alohida taʼkidlandi. Oʻz oldimizga Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulugʻ maqsadni qoʻygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulugʻbeklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Ushbu yoʻnalishda boshlagan ishlarimizni davom ettirish va yangi bosqichga koʻtarishimiz lozim.

Murojaatnomada oʻqituvchilik eng nufuzli va obroʻli kasb boʻlishi kerakligi taʼkidlandi. Muallimlarimiz bolalarga sifatli taʼlim berish va oʻz ustida ishlashdan boshqa narsa haqida oʻylamasligi uchun davlat ularga barcha sharoitni yaratib berishi zarur. Bugun “Yangi Oʻzbekistonda erkin va farovon yashaylik!” degan ezgu gʻoya har bir yosh avlodning qalbida joʻsh urmoqda. Bu joʻshqinlikni bardavom boʻlishi uchun esa yosh avlodning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishi hal qiluvchi ahamiyatga ega. Murojaatnomaning mazmun-mohiyati, unda bildirilgan eʼtirof hamda amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalar, jamiyatimizda taʼlim va tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyani taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlib xizmat qiladi. Qolaversa, Oliy Majlis palatalari Bolalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi faoliyatini qonun darajasida mustahkamlab, bu borada faollik koʻrsatgan yurtdoshlarimizni ragʻbatlantirishni ham nazarda tutishi maqsadga muvofiq ekanligi taʼkidlandi. Mazkur yoʻnalishda maktabgacha taʼlim sohasini rivojlantirish, maktab taʼlimini tubdan yaxshilash va uning sifatini oshirish, muallimlarga munosib sharoit yaratish borasidagi islohotlarni jadal davom ettirish, iqtidorli oʻgʻil-qizlarimizning yuqori texnologiya va zamonaviy bilimlarni chuqur oʻzlashtirishiga keng sharoit yaratish, milliy kadrlarning yangi avlodini tayyorlash, oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlarini kamida 25 foizga oshirish, ilgʻor xalqaro amaliyot asosida dotsent va professor ilmiy unvonlari, falsafa va fan doktori ilmiy darajalarini berish vakolatini oʻz yoʻnalishi boʻyicha nufuzi yuqori boʻlgan oliygohlarning ilmiy kengashlariga oʻtkazish, yoshlar oʻrtasida bandlikni taʼminlash va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalasi, ehtiyojmand oilalarning farzandlari, chin yetim, nogironligi boʻlgan va davolanishga muhtoj bolalarga alohida mehr-muruvvat koʻrsatish boʻyicha yangi tizim joriy etish zarurligi taʼkidlandi.

Murojaatnomada taʼkidlanganidek, 2021-yilda ona va bola sogʻligiga alohida eʼtibor qaratiladi, koronavirus pandemiyasiga qarshi kurash tizimli ravishda davom ettiriladi, sanitariya-epidemiologiya xizmati sifati oshiriladi, uning moddiy-texnik bazasi yaxshilanadi, 15 yoshgacha boʻlgan bolalar va homilador ayollar 7 turdagi vitaminlar, bolalar parazitar kasalliklarga qarshi dori vositalari bilan bepul taʼminlanadi, tibbiyotning birlamchi boʻgʻini, ayniqsa, qishloq va mahallalarda tibbiy xizmat sifati yangi bosqichga koʻtariladi, jismoniy tarbiya va sport keng ommalashtiriladi hamda aholi salomatligi muhofaza qilinadi.

Usmonjon Boʻtayev,

“Istiqbol” tadqiqot markazi rahbari