Endilikda har birimiz yolgʻon statistika va xoʻjakoʻrsinga emas, balki haqiqiy ish jarayoni uchun harakat qilamiz. Eng avvalo, yoshlar balansini yaratishga katta eʼtibor qaratiladi. Bu juda muhim masala.

Shu paytgacha maktab bitiruvchilarining qaysidir qismi oliy taʼlimga, qansidir qismi kollejga kirdi. Lekin qolgan yoshlarning bandligini taʼminlash masalasi oʻlda-joʻlda qolib ketdi. Shu bois biz yoshlar balansiga katta ahamiyat berish niyatidamiz. Ushbu jarayonda elektron tizim yaratilib, bandligi taʼminlanishi kerak boʻladigan bitiruvchilarimiz bilan mahalliy hokimliklar, sektorlar bilan hamkorlikda manzilli ishlar olib boramiz. Bu, albatta, maktab bitiruvchilariga ham juda katta yordam boʻladi. Chunki ularning bir qismi kasbga oʻrgatiladi, qolganlari esa ish bilan taʼminlanadi. Bu borada har bir sektor rahbariga qator vazifalar belgilab berildi.

Shuningdek, yana bir muhim masala, yoshlarning vaqtini mazmunli oʻtkazish masalasidir. Bu – maktabdan tashqari boʻlgan taʼlim degani. Mana asta-sekin pandemiya sharoiti ham yengilashyapti. Demak, toʻgaraklar, mushoiralar, sport mashgʻulotlari va ichki turizmni bemalol rivojlantirsak boʻlaveradi. Yaʼni, bolalarimiz oʻqishdan tashqari boʻlgan vaqtlarini unumli va samarali oʻtkazishadi. Shunda ular haqiqiy keng qamrovli ijodkor farzandga aylanishadi. Ayni masalada Xalq taʼlimi vazirligi, Madaniyat vazirligi, umuman qator vazirlik idoralariga topshiriqlar berildi. Ayniqsa, bolalarni koʻproq toʻgaraklarga jalb qilishga katta eʼtibor qaratildi.

Biz Madaniyat vazirligi bilan maktablarimizda musiqa maktablari filiallarini ochish borasida hamkorlikda ishlamoqchimiz. Chunki hamma bolalar ham musiqa maktablariga borolmaydi. Agar oʻzi taʼlim olayotgan maktabda filiali boʻlsa, bolalarimizda koʻproq qatnashish imkoniyati boʻladi.

Bundan tashqari, maktablarimizda sport zallari, futbol maydonchalarini yaratishga yana-da koʻproq eʼtibor qaratiladi. Mana hozirgi kunlarda mahalliy hokimlarimiz maktablarga borib, qoʻshimcha yordam qilish masalasida tashabbuslar bilan chiqishyapti. Bunda naqafat maktab oʻquvchilarimiz sport bilan shugʻullanadi, balki oʻsha atrofdagi qolgan yoshlar ham boʻsh vaqtini sport bilan maktab hududida oʻtkazish imkoniyatiga ega boʻladi.

Sherzod ShERMATOV,

Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri